LIBIX QONUNI

LIBIX QONUNI, minimum qoidasi — organizmlarning tarqalishi va miqdoriy rivojlanishida ekologik omillarning ahamiyatini belgilovchi tamoyillardan biri. Nemis kimyogari Yu. Libix (1803—73) tomonidan q. x. ekinlari uchun ishlab chiqilgan (1840). Yu. Libix koʻrsatishicha, minimum miqdorda boʻlgan modda hosildorlikni boshqarib, uning miqdori va doimiyligini belgilab beradi. Bunda tuproqda juda oz boʻladigan va miqdori oʻzgarib turadigan, ammo hayot uchun juda muhim boʻlgan moddalarning cheklovchi taʼsiri nazarda tutiladi. Keyinchalik bu qoida kengroq talqin qilina boshlandi va b. omillar (mas, harorat, yorugʻlik, namlik va b.)ga nisbatan ham qoʻllanildi (yana q. Dehqonchilikning asosiy qonunlari).