LANGARDARYO — Qashqadaryoning chap irmogʻi (Qashqadaryo viloyati). Hisor tizmasining jan.-gʻarbiy tarmogʻi — Yakkabogʻ tizmasidan (2200—2300 m) boshlanib gʻarbga oqadi. Uz. 76 km, havzasining mayd. 258 km2. Yuqori qismi chuqur va tor vodiyda oqadi. Langar qishlogʻi yaqinida vodiysi kengayadi. Oʻrtacha koʻp yillik suv sarfi 0,9 m3/ sek; maksimal suv sarfi apr. —mayda. Qor va yomgirlardan suv oladi. Yoz oylarida suvi sugʻorishga sarflanib, Qashqadaryoga yetib bormaydi. Bahor oylarida daryodan kuchli sel kelish hollari kuzatiladi. Langardaryoda gidrometrik post tashkil etilgan.