LAKHNAU

LAKHNAU — Hindistonning shim. qismidagi shahar. Uttar-Pradesh shtatining maʼmuriy markazi. Gang daryosi irmogʻi — Gumti daryosi sohilida joylashgan. Aholisi 2,2 mln. kishidan ziyod (2001). Gang vodiysidagi muhim sanoat va savdo markazi. Transport yoʻllari tuguni. Toʻqimachilik (asosan, ip gazlama), metallsozlik, qogʻoz, aviatsiya, koʻn-poyabzal, poligrafiya, oziq-ovqat, parfyumeriya sanoati korxonalari bor. Un-t, botanika bogʻi, ilmiy tadqiqot intlari bor. Boburiylar davriga oid meʼmoriy yodgorliklar saqlangan. Qadimda Aud knyazligining poytaxti boʻlgan.