LAYLAKTUMSHUQ

LAYLAKTUMSHUQ, qoramashoq [Erodium cicutarium (L.) Liherit] — yoronguldoshlar oilasiga mansub bir yillik oʻt. Oʻrta Osiyo, Gʻarbiy Sibirda dasht, yaylov, togʻ yon bagʻirlarida, ekinlar orasida oʻsadi. Bargi choʻziq, patsimon, guli qizgʻish pushti, 3—6 tadan toʻplangan. Bahordan kech kuzgacha gullaydi. Mevasi laylak tumshugʻiga oʻxshash uzun (nomi shundan olingan). Tarkibida oshlovchi moddalar bor. L. dan tabobatda ichki organlardan qon ketishini toʻxtatishda foydalaniladi.