LAVANDAK QABRISTONI

LAVANDAK QABRISTONI — qad. qabriston (mil. av. 2-a. ning 2-yarmi — mil. 1-a.). Buxoro viloyatining Lavandak qishlogʻi yaqinidan topilgani uchun nomi shundan. 130 mozorqoʻrgʻon bor. Mozorqoʻrgʻonlar Oʻrta Osiyoning shim. dagi dashtdan kelgan sarmatlarta mansub. Tuzilishi 2 xil: zinapoya b-n tushiladigan lahad va yon tomondan ungursimon qilib kavlangan qabr. L. q. da mayyitlar chalqanchasiga, boshi jan. ga qaratilgan holda bukchaytirib, tizzalari kerib koʻmilgan; juft-juft koʻmilganlar ham uchraydi. Lavandak qabristonidan yogʻoch qinli dudama qilich, yarim oy tamgʻali va tamgʻasiz dudama xanjar, uch parrakli temir paykonlar va oʻroqsimon pichoqlar topilgan. Qabrdan hayvon suyagi, koʻzacha, kosa, qadah, oltin rangli shisha munchoq va yarqiroq toshlar, zirak, ayol yuzi tasvirlangan oltin qoplama, jezoyna, uzuk, kiyim parchalari chiqqan.