BUGʻ TURBINASI

BUGʻ TURBINASI — bugning potensial energiyasini kinetik energiyaga, soʻngra aylanuvchi valning mexanik ishiga aylantiruvchi turbina; issiqlik elektr st-yasi (IES)da elektr generatorlarni aylantiruvchi asosiy dvigatel hisoblanadi. Aktiv va reaktiv turbinalar boʻladi. Bugʻ turbinasi nisbatan ixcham, oddiy, tejamli, yuqori parametrli bugʻlardan foydalanishga, toza kondensat olishga, elektr energiyasi i. ch. bilan birga isteʼmolchilarga turli parametrli bugʻ uzatishga imkon beradi. Muqim (statsionar) va transport (kemaga oʻrnatiladigan) xillari bor. Mukim Bugʻ turbinasiga kondensatsiya turbinalari, teplofikatsiya turbinalari va b. kiradi. Deyarli barcha Bugʻ turbinasi koʻp pogʻonali hisoblanadi. Bir va koʻp (4 tagacha) korpusli, bir va koʻp (3 tagacha) valli qilib ishlab chiqariladi. Bugʻ turbinasi markazdan qochirma havo haydagichlar, kompressorlar va nasoslarni harakatga keltirish uchun ham ishlatiladi.