BABEZIOZ

BABEZIOZ, babeziyellyoz — qoramol, qoʻy va echkilarda Babesia turkumiga mansub bir hujayrali organizmlar qoʻzgʻatadigan yuqumli kasallik. B. hayvonlarga kanalar orqali yuqadi. Kasallikning kechishi 4—8 sutka. Kasallangan hayvonning tana harorati keskin koʻtariladi, tez ozadi, suti kamayadi, baʼzan suti rangi qon aralash sargʻayadi, mazasi taxir boʻladi. Kasallik katta hayvonlarda ogʻir kechadi. Hayvonlarning koʻpi nobud boʻladi. Asosan yoz—kuz davrida koʻproq uchraydi. Tashhis qonni mikroskopik tahlil qilish asosida qoʻyiladi. Babezioz bilan ogʻrigan hayvonlarga bu kasallik 2—3 yilgacha yuqmaydi.

D a v o l a sh : muskul orasiga azidin, berenil, diamidin yuboriladi. Oldini olish va qarshi kurash choralari: kasal hayvonlarni kimyoviy preparatlar bilan davolash; kanalarni yoʻqotish (yaylov hamda hayvonlarga 1% li xlorofos eritmasi purkaladi).