BUXORO QATLAMLARI

BUXORO QATLAMLARI (Buxoro shahri nomidan) — oʻrta paleotsen davrida hosil boʻlgan yotqiziqlar. O. S. Vyalov birinchi boʻlib 1934-y. gorizont, 1935-y. yarus sifatida paleogen davri quyi qismiga kiritgan. 1959-y. stratigraflar kengashi qaroriga koʻra B. q. deb ataldi. Asosan karbonatli (ohaktosh, dolomit mergel) togʻ jinslaridan, baʼzan gipsangidriddan iborat. Sharqiy Oʻzbekiston (Toshkent viloyati, Fargʻona vodiysi) va Jan. Oʻzbekistonda keng tarqalgan shoʻr suvli sayoz dengiz lagunasida yashagan mollyuskalarning endemik kompleksi asosida paleotsenga kiritilgan. Xalqaro stratigrafik sxemada Buxoro qatlamlari paleotsenning tanet yarusiga (quyi qismi) mansub. Buxoro qatlamlari dagi faunalarni S. H. Mirkamolova, G. N. Kreydenkov, G. H. Soliboyev va b. oʻrgangan. Buxoro qatlamlari Sharqiy Ustyurtning qizil taqir gorizonti (quyi qismi) hamda Kavkaz va Qrimdagi kachin yarusi b-n taqqoslanadi. Biostratigrafik sxemada Buxoro gorizonti acarinina tadjikistanensis foraminifera va NP9 nannoplankton zonalarga taalluqli.