BUXORO ZINDONI

BUXORO ZINDONI — Buxoro amirining qamoqxonasi. Buxoro zindoni 18-a. 2-yarmida, mangʻitlar davrida qurilgan boʻlib, qad. shahristonning shim. gʻarbiy burchagida, oʻrta asrlarga oid Xoʻja Nizomiddin bolo guzarida joylashgan. Buxoro zindoni atrofi pishiq gʻisht terib qurilgan va yuqorisi ham baland gashtin devor b-n oʻralgan tepalik ustidagi imoratlar majmuasidan iborat. Zindonga kichik peshtoqli va 2 tabaqali qad. yogʻoch eshigi boʻlgan darvozaxonadan kiriladi. Hovlisida turli davrlarga oid pastak gʻishtin binolar bor. Bular zindonbon xonasi, soliq toʻlamaganlar, qarzdorlar va siyosiy mahbuslar hamda oʻlimga mahkum etilganlar uchun qurilgan xonalardir. Zindonbon (soqchilar) xonasi sahnida pastga, chukurlikka olib boriladigan keng tuynuk bor. Bu yoʻlak orqali chohga tushiladi, uning diametri 5 m, chuq. 6,5 m. Shu chuqurlikda mahbuslar saqlangan.