BUXARSKIY VESTNIK

«BUXARSKIY VESTNIK» («Buxoro axborotnomasi») — Buxoro viloyati hokimligining ijtimoiysiyosiy gaz. Buxoro sh. da rus tilida haftada 2-marta chiqadi. Dastlab 1920-y. 5 yanv. dan Buxoro sh. da «Izvestiya» («Axborot») nomi bilan nashr etilgan. 1958-y. dan «Krasnaya Buxara» («Qizil Buxoro»), 1970-y. dan «Sovetskaya Buxara» («Sovet Buxorosi»), sung «Buxarskiye izvestiya» («Buxoro axboroti») (1992— 94) nomlari bilan chiqqan. 1994-y. dan hoz. nomda. Gaz. ga turli yillarda G. Ya. Krakovskiy, SV. Bondarenko, V. G. Popov va b. bosh muharrirlik qilgan. Gaz. tahririyatida turli davrlarda faoliyat koʻrsatgan M. B. Maryasin, I. V. Lazarev, V. M. Shurayevga Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi unvoni berilgan. «Buxarskiy vestnik» shoʻro tuzumi davrida Buxoro viloyatida kommunistik mafkurani targʻib qilgan yetakchi matbuot organi boʻlgan. Mustaqillik davrida maqolalarning siyosiy yoʻnalishi, mazmuni va mundarijasida keskin oʻzgarish roʻy berdi. «Buxarskiy vestnik» Buxoro viloyatida mustaqillik yillarida sodir boʻlgan yaratuvchilik ishlarini oʻz sahifalarida aks ettirmoqda, rusiy zabon aholi oʻrtasida davlatimizning ichki va tashqi siyosatini targʻib qilmoqda. Adadi 1 mingdan ziyod (2001).