BUKRILIK

BUKRILIK, bukirlik — umurtqa pogʻonasining qiyshayib, doʻppayib chiqib qolishi. Bukrilikka bir yoki bir nechta umurtqalarning lat yeyishi, sil, raxit va b. kasalliklar tufayli shikastlanishi (q. Spondilit), shuningdek goʻdakni juda erta oʻtirishga oʻrgatish sabab boʻladi. Bukrilik odatda koʻkrak qafasining qiyshayishi b-n kechadi. Umurtqa pogʻonasining sili oqibatida kelib chiqqan Bukrilikda bemorni ogʻriq, isitma bezovta qiladi, baʼzan bukri boʻlgan joydan yiring oqib, bir necha yilgacha bitmaydi. Bukrilikning oldini olish uchun shikastlangan umurtqani oʻz oʻrniga tushirish, korset taqish, maxsus jihozlangan karavotlardan foydalanish tavsiya etiladi. Bolalarni barvakt oʻtqizmaslik, orqa muskullarini massaj qilib turish kerak. Davo Bukrilikka sabab boʻlgan asosiy kasallikni davolashdan iborat.