BRAZILLAR

BRAZILLAR, oʻzlarini brazilyenush deb ataydilar — xalq, Braziliyaning asosiy aholisi, shundan 139 mln. kishi Braziliyada yashaydi (1990-y. lar oʻrtalari). Umumiy soni 149,4 mln. kishi. Paragvay, Argentina, AQSH va Portugaliyada ham yashaydilar. Brazillar portugal tipivi soʻzlashadilar. Brazil millatining tashkil topishiga (16— 19-a. lar) Yevropa mustamlakachilari — portugal, italyan, ispan, nemislar va Braziliyaning yerli kabilalari (tupiguarani, je, aravak, karib va b.) hamda Afrikadan qul qilib olib kelingan negrlar (bantu, angola, eve, bengela va b.) asos boʻlgan. Braziliyaning yerli aholisi (16-a. da 1 mln. ga yaqin) yevropaliklar mustamlakasi davrida qisman qirib tashlangan, qolganlari Brazillar tarkibiga singib ketgan. Dindorlari asosan katoliklar, protestantlar ham bor, yerli xalqlar va negrlar oʻrtasida qad. diniy eʼtiqodlar, politeizmning belgilari uchraydi. Qishloq aholisining asosiy mashgʻuloti dehqonchilik (paxta, sholi, makkajoʻxori, kofe va b.), chorvachilik (qoramol, yilqichilik), dengiz qirgʻogʻida yashovchilar esa baliq ovi bilan shugʻullanadi.