BOSHQARMA

BOSHQARMA — davlat boshqaruvi tizimida biror yirik tarmoq yoki xoʻjalik sohasida markaziy yoki oʻrta boʻgʻindagi boshqaruv idorasi (mas, Markaziy bankning viloyat boshqarmasi, Bojxona qoʻmitasining shahar boshqarmasi). Boshqarma vertikal (vazirlik, qoʻmita, korporatsiya darajasida sektor — boʻlim — boshqarma — bosh boshqarma) va gorizontal (ayrim vazifalarni bajaruvchi boʻlimlar) tizimda rahbarlikni amalga oshirishi mumkin. Boshqarma umuman boshqaruv vazifalarini, maqsadlarini amalga oshirish va boshqarish jarayonining uzluksiz hamda samarali ishlashini hududiy yoki tarmoq tamoyillari asosida tashkil etadi. Hoz. paytda Oʻzbekistondagi boshqaruv amaliyotida Boshqarma oʻrniga departament atamasi kirib kelmoqda.