BLASTOMERLAR

BLASTOMERLAR (blasto… va yun. meros — boʻlak) — koʻp xujayrali hayvonlarda urugʻlangan tuxum hujayralarning boʻlinib, maydalanish jarayonida hosil boʻladigan hujayralar. Boʻlinish davrlari oraligʻida Blastomerlar oʻsmaganligi sababli har bir boʻlinishdan soʻng ular ikki marta kichrayadi. Teloletsital (sitoplazmasida sariq moddasi notekis tarqalgan) tuxum hujayralar maydalanganida katta Blastomerlar — makromerlar va kichik Blastomerlar — mikromerlar hosil boʻladi. Gomoletsital (sitoplazmasida sariq moddasi bir tekis tarqalgan) tuxum xujayralar boʻlinib maydalanish jarayonida bir xil kattalikdagi Blastomerlar vujudga keladi. Sirtqi qavatda joylashgan Blastomerlar yassilanganidan keyin tuxum hujayra maydalanishning soʻnggi bosqichi — blastula hosil boʻlishiga oʻtadi.