BIOPTIKA

BIOPTIKA (bio… va yun. optike — nur) — biol. ning nur hosil boʻlishi va tarqalishi, uning turli moddalar bilan oʻzaro taʼsirini tekshiradigan boʻlimi. Bioptika organizmlarning yorugʻlik nurini qabul qilish, undan koʻrish va moʻljal olishda foydalanish bilan bogʻliq boʻlgan hodisalarni oʻrganadi. Yorugʻlik nuridan taʼsirlanish va unga reaksiya kursatish eng sodda organizmlardan tortib yuksak oʻsimliklar va hayvonlargacha boʻlgan xususiyatdir. Bioptika turlicha namoyon boʻladi. Bir hujayralilarda yorugʻlik qabul qiladigan maxsus organoid— xromatofor ham uchraydi. Yuksak tuzilgan hayvonlarning maxsus organi — koʻzi va nerv sistemasi yorugʻlikni qabul qilish b-n bir qatorda, jismlar tasvirini va ularga xos boʻlgan xususiyatlarni farqlab oladi. Koʻz turli organizmlarda turlicha tuzilgan. Hasharotlar va qisqichbaqasimonlarning koʻzlari koʻp sonli ommatidlar (koʻzachalar)dan tashkil topgan murakkab fasetkali xarakterga ega boʻlsa, boshoyoqli mollyuskalar va umurtqalilarda murakkab tuzilgan boʻlib, shox parda, koʻz gavhari singari optik elementlarga ega. Koʻz fotoretseptor sifatida farqlash chegarasi, akkomodatsiya apparati, mutlaq sezgirligi va ranglarni farqlash xususiyatlariga ega. Bioptika koʻzlarning tuzilishi bilan bir qatorda koʻrish va farklash faoliyati yordamida tur uchun xos boʻlgan signallar, yaʼni rang, turqavtor, imoishora, mimika, ogoxlantiruvchi va qoʻrkituvchi holatlar; tana shakli, gul va mevalar rangini ifodalovchi signallarni qabul qilish mexanizmlarini ham oʻrganadi. Koʻrish organining faoliyati va xossalari muhit sharoiti xususiyatiga (yoritilganlik, yoritilish intensivligi, nurning spektr tarkibi, muhitning tiniklik darajasi va b.) bilan ham bogʻliq.