BIONIKA

BIONIKA (yun. bion — hayot elementi, asl maʼnosi — yashovchi) — biol. va kibernetikaning yanada mukammal texnik vositalar yoki qurilmalarni yaratish maqsadida organizmlarning tuzilishi va hayot faoliyatini oʻrganadigan bir yoʻnalishi. Bionika 20-a. ning 2-yarmida shakllangan. Nerv sistemasida axborotning qayta ishlanish usuli, sezgi organlarining tuzilishi va ishlashi xususiyatlari, navigatsiya, oriyentatsiya va lokatsiya tamoyillari yoki odam va hayvonlarda sodir boʻladigan boshqa jarayonlar, shuningdek foydali ish koeffitsiyenta juda yuqori boʻlgan bioenergetik jarayonlar Bionikaning asosiy masalalaridir. Nerv sistemasi signallarni aniq va bexato qabul qilishi, ishonchli, ixcham va energiyani tejab sarflashi b-n elektron hisoblash mashinalariga nisbatan katta afzallikka ega. Nerv sistemasi va sezgi aʼzolarini oʻrganish «oʻylovchi» mashinalar, yorugʻlik, harorat va elektr maydonini sezuvchi ixcham va oʻta sezgir datchiklar hamda harakatdagi jismni kuzatib boradigan asboblar yaratiщda katta ahamiyatga ega. Hid bilish aʼzosini oʻrganish esa havodagi yoki suvdagi hidli moddalarning eng kam miqdorini bilishga imkon beradigan qurilmalarni yaratishga yordam beradi. Hayvonlarda uchraydigan infrakizil nurlar, ultratovush va haroratni sezuvchi retseptorlar asosida matn va sxemalarni oʻqiydigan va taniydigan, osselogrammalar va rentgenogrammalarni tahlil eta oladigan kurilmalar ishlab chikilgan. Kushlar, baliklar va b. hayvonlarning navigatsiya qobiliyatini oʻrganish navigatsiyada foydalaniladigan uskunalarni takomillashtirishga imkon beradi. Hayvonlarning morfologik tuzilishini oʻrganish esa texnik konstruksiyalarni barpo etishda yangi gʻoyalar manbai hisoblanadi. Suvda tez suzadigan hayvonlarning terisini oʻrganish tez suzar kemalar, suyaklarning tuzilishini oʻrganishdan olingan maʼlumotlar yengil va mustahkam konstruksiyalar yaratishga imkon berdi.