BIOLOGIK RITMLAR

BIOLOGIK RITMLAR — biologik jarayonlar jadalligi va ularga xos xususiyatlarning siklik oʻzgarishlari. Biologik ritmlar deyarli barcha hayvon va oʻsimliklarda kuzatiladi va organizmlarga muhitning davriy oʻzgarishlariga (sutkalik, mavsumiy va b.) moslashishga imkon beradi. Biologik ritmlar davomiyligiga qarab quyosh sutkalik (24 soat), oy sutkalik (24,8 soat), oylik (29,4 sutka) va yillikka (mavsumiy) boʻlinadi. Quyosh sutkalik ritm koʻpgina fiziologik jarayonlar (hujayraning boʻlinish chastotasi, moddalar almashinuvi va energiyaning intensivligi va b.)ga xos. Sutka davomidagi faollik davrlarning soniga qarab, monofazali va polifazali sutkalik ritmlar farklanadi. Bunda hayvonlar harakatining faolligi, oʻsimliklar bargi va gulbargining holati, sut emizuvchi hayvonlar jigarining glikogen sarflashi va b. biokimyoviy jarayonlar sutka mobaynida oʻzgaradi. Oy sutkalik ritm dengiz sohili zonasi oʻsimliklari uchun xos. Oylik ritm dengiz sathining koʻtarilishi davriga moye keladi va ayrim suvoʻtlar hamda oʻsimliklarning koʻpayish siklida namoyon boʻladi. Yillik (mavsumiy) ritm oʻsimliklarda, koʻpincha kunning uzunligi, tra va b. iklim omillarining oʻzgarishi bilan tartibga solinadi (k,. Fotodavr). Biologik ritmlarni xronobiologiya fani oʻrganadi.

Ad.: Vyunning E., Ritmы fiziologicheskix protsessov, per. s nem., M., 1961.