BASAR, Basaron — Toxariston tumanlaridan biri. Oʻrta asr manbalariga koʻra, Basar tohiriylardan Abdulloh ibn Tohirga 826 — 827-y. larda 7300 dirxam miqdorida xiroj toʻlagan. Bu juda katta miqdordagi xiroj boʻlib, Vashgird tumaninikidan 7-marta ortiq, Xuttalon viloyatinikidan (12 ming dirham) bir oz kam boʻlgan. Yaqubiy va Ibn Rusta asarlarida ham Basaron sh. nomi uchraydi. «Hudud ul-olam» da Basarig shaklida qayd etilib, unga koʻra 10-a. da Basar goʻzal va obod, aholisi jangari boʻlgan. Basar shahri oʻrta asrlarda Kofarnihon va Vaxsh daryolari oraligʻida; Hisorning jan. da yoxud jan.-sharqida boʻlib, Hisor vodiysi bilan Koʻlobni bogʻlovchi karvon yoʻlida joylashgan. Panjikentdan topilgan «turk-sugʻdiy» mis tangalardan birida 7 — 8-a. lar boshida «Pasar» sh. hokimi tomonidan zarb qilingan tangada Farnbag maʼbudining ismi bitilgan. Ilk oʻrta asrlarda Basar yoki Pasar shahri aftidan mustaqil mulk boʻlib, Basaron yoki Pasaron deb atalgan. 7-a. da uni turk maliki boshqargan, ehtimol u Panjikent hokimi bilan qarindosh boʻlgan. Bu haqda ularning ismi yonida «jamuq» degan turkiy soʻzning boʻlishi guvohlik beradi. Bu soʻz turkiy unvon yoki mashhur turkiy urugʻlardan biri «jamukin»ning nomi boʻlib, bu urugʻ ilk oʻrta asrlarda Toxaristonda va Balx atrofida yashagan. Tabariyning yozishicha, 706-y. B. viloyatini Qutayba ibn Muslimning birodari Solih zabt etgan. Bu jangda lashkarboshi Nasr ibn Sayyor alohida jasorat koʻrsatgan, shuning uchun Solih unga shu viloyatda joylashgan Tanjona qishlogʻini inʼom etadi.
Shamsiddin Kamoliddinov.