BARQUQ

BARQUQ (? – 1399) – cherkas mamluklaridan boʻlgan Misr sultoni. Barquqning otasi islomni qabul qilgan edi. Qrimda Barquqni bir musulmon sotib olib Misrga yuborgan, u yerda 1364-y. amir Elbugʻoga sotgan. Amir Barquqning qobiliyatli bola ekanligini payqab unga maxsus tarbiya bergan, soʻngra amir unvonini bergan. Sulton Al-Malik alAshraf davrida Barquq sulton bolalarining tarbiyachisi boʻlgan. U sulton vafotidan soʻng taxtni zoʻrlik bilan egallab olgan va sulton Al-Malik az-Zohir nomini olgan. Biroq tez orada Barquq zindonga tashlangan. Uning oʻrniga taxtga Hoji Xalifa oʻtirgan. Lekin yangi sulton bilan Suriya hokimlari oʻrtasida ixtilof paydo boʻlgach, xalq yana B. dan taxtga oʻtirishni soʻragan. Mana shu paytda sohibqiron Amir Temur B. huzuriga elchilarini yuborib undan tobe boʻlishni talab qilgan, birok Barquq elchilarni qatl etib, Boyazid I b-n ittifoqchilik shartnomasi tuzgan va urushga tayyorgarlik koʻra boshlagan. Biroq, Amir Temurning Hindistonga safari tufayli Barquq bilan urushishga toʻgʻri kelmadi. Barquq oʻz hukmdorligining ikkinchi yarmida Misrda tinchlik, osoyishtalik oʻrnatgan, moliya ishini yaxshilagan, dehqonchilik rivojlangan, ilm-fan taraqqiy qilgan.