BAROKKO

BAROKKO (ital. barocco — ajib, gʻalati) — 16-a. oxiri — 18-a. oʻrtalarida Yevropa va Amerika sanʼatidagi asosiy uslublardan biri. Yevropada millat va millim davlatlar jadal shakllanayotgan davrda Uygʻonish davri badiiy madaniyati va subyektiv his-tuygʻularni ifodalovchi manyerizm oʻrniga vujudga keldi. Aristokratiya va cherkov bilan bogʻliq boʻlgan Barokko sanʼati ularning shon-shuhratini oshirishga hamda targʻib etishga qaratilgan edi. Barokko sanʼatiga antifeodal chiqishlar, milliy ozodlik harakatlari oʻz taʼsirini koʻrsatib, unga demokratik isyonkorlik ruhini kiritdi. Dabdabaga moyil boʻlgan Barokko dunyoning yaxlitligi, cheksizligi, murakkab va rang-barangligi, doimiy oʻzgaruvchanligi haqidagi yangi tasavvurlarni, insonni oʻrab turgan muhit va b. ga boʻlgan qiziqishlarni aks ettiradi; unga keskinlik, obrazlarning harakatchanligi, his-tuygʻular kurashining shafqatsizligi, tantana va ulugʻvorlikka in-tilish, mavjud borliq b-n xayoliy orzuni uygʻunlashtirish, sanʼatlar uygʻunligiga in-tilishlar xos.

Barokko uslubida qurilgan meʼmoriy majmualar fazoviy yechimi, mayda meʼmoriy bezaklarga moʻlligi va yagona gʻoyaga boʻysunishi bilan ajralib turadi. Meʼmorlar shahar koʻcha va maydoilariga, u yerdagi mavjud qurilishlarga ulugʻvorlik berish uchun turli optik va b. qonunlarga murojaat qiladilar, teskari perspektiva qonunlaridan foydalanadilar. Tasviriy sanʼatda diniy, mifologik va majoziy mavzulardagi bezak mujassamotlar, tantanavor dabdabali portretlar keng oʻrin egallaydi.

B. Italiyada shakllanib rivojlandi. Meʼmor va haykaltarosh L. Bernini, meʼmor F. Borromini, G. Gvarini, rangtasvirchi demokratik realizm yoʻlboshchisi Karavajo, akademizm yoʻlboshchisi aka-uka Karrochilar, devoriy rangtasvir ustalari J. B. Tyepolo va b. shu sanʼat rivojiga katta hissa qoʻshdi. Flandriyada P. P. Rubens, A. van Deyk, Ya. Yordane, F. Snayders ijodida Barokko toʻlaqonli va hayot haqiqatiga yaqin holda rivojlansa, Ispaniya, Portugaliya, Germaniya va b. Yevropa mamlakatlarida mahalliy xayot va anʼanalar taʼsirida oʻziga xos yoʻnalishni shakllanishini taʼminladi. Fransiyada klassitsizm bilan uygʻunlikda oʻziga xos jimjimadorlik kasb etdi. Rossiyada 18-a. 1-yarmida Petr I islohotlari va dvoryan monarxiyasining mustahkamlanib borishi bilan rivojlandi. Peterburg, Moskva sh. lari, shahardan tashqarida yaratilgan shoh va zodagonlarning uy va saroylarida shu davr ruhi oʻz ifodasini topdi: Petr I saroyi (Petergof), Sarskoye Selo (Pushkino sh.), Peterburgdagi qator saroy, monastir va soborlar (Qishki saroy, Smolniy monastiri va b.) shular jumlasidan. Meʼmorlardan V. Rastrelli, D. Uxtomskiy, S. Chevakinskiy va b. ning hissasi katta. Tasviriy sanʼatda dunyoviy mavzular, davlat arboblarining tantanavor, koʻtarinki ruxdagi dabdabali portretlarida oʻz ifodasini topdi. K. Rastrelli haykaltaroshlik asarlari, I. Nikitin, A. B. Antropov rangtasvirlari shular jumlasidan.

B. Italiyada rivojlanib Yevropaga keng yoyildi. Keyinroq esa yevropaliklar bosib olgan qitʼa va mintaqalarga ham bu sanʼat taʼsiri kirib bordi. Amerika, Osiyo, Avstraliyada Barokko usulida yaratilgan asarlarning mavjudligi shundan. Oʻrta Osiyoda rus istilosidan keyin qurilgan meʼmorlik majmualarida, jumladan saroy, sobor va monastirlar binolarida shu sanʼatiing taʼsiri va belgilari mavjud.

Barokko musiqada asosan musiqali teatr turlarida (ayniqsa opera janrida), shuningdek cholgʻu kamer (concert» grosso, sonata) va organ asarlarida na-moyon buldi. Barokkoning eng yorqin namoyandalari G. Gendel, J. Gabriyeli, O. Freskobaldi, K. Monteverde, D. Bukstexude, I. Bax va b. B. uslubi bilan bir paytda klassitsizm uslubi ham rivoj topdi.

Neʼmat Abdullayev.