BARBYUS

BARBYUS (Barbusse) Anri (1873 – 1935) — fransuz yozuvchisi, jamoat arbobi. Ilk «Yigʻlovchi ayollar» (1895) sheʼriy toʻplami, «Yolboruvchilar» (1903), «Doʻzax» (1908) romanlarida ijtimoiy tengsizlik, xalqning nochor hayoti aks etgan. Bularda modernizm taʼsiri seziladi. 1-jahon urushi uning ijodida burilish yasadi. Modernistik kayfiyatdan voz kechib, realistik ijod yoʻliga oʻtdi. Mopassan, Zolya anʼanalarini davom ettirdi. «Oʻt» (1916), «Yorishuv» (1919) romanlarida oʻzi ishtirok etgan 1-jahon urushi vaqtidagi ommaning kayfiyati ifodalangan. «Xalqpar» (1925) romani, «Kuch» (1925), «Jallodlar» (1926), «Hodisalar» («Haqqoniy qissalar», 1928) va b. povest, hikoya va ocherklar toʻplamida davrning muhim ijtimoiy voqealari aks etgan. Barbyus oʻzi kompartiya aʼzosi boʻlsada, umrining oxirlarida kommunistik inqilob dunyoni zulm zanjiridan ozod qila olmasligini, aksincha, yangi zulm paydo qilishini tushunib yetdi. Barbyus xalqaro militarizmga qarshi madaniyat arboblari birlashmasi «Klarte» tashkilotchisi (1919). «Klarte» jur. ni chiqargan (1919 — 24).