BARBITURATLAR

BARBITURATLAR — barbitur kislota hosilalari, markaziy nerv sistemasining funksiyasini susaytirib, tirishishga qarshi va narkotik taʼsir etadigan, uxlatadigan dori moddalar. Organizmda oʻzgarishi va undan chiqib ketishi xususiyatlariga qarab uzoq va qisqa vaqt taʼsir etadi (uzoq taʼsir etadigan Barbituratlar, asosan, buyraklar orqali chiqib ketadi, qisqa vaqt taʼsir etadigan Barbituratlar, asosan, jigarda parchalanadi). Uyqusizlikning xiliga qarab uzoq taʼsir etadigan (barbital, fenobarbital, barbital-natriy), oʻrtacha taʼsir etadigan (siklobarbital, barbamil, etaminal-natriy) va qisqa vaqt taʼsir etadigan (geksobarbital) preparatlar uxlatadigan yoki markaziy nerv sistemasini tinchlantiradigan miqdorda buyuriladi. Barbituratlarning poroshok (kukun) va tabletkalari ichiladi, shuningdek eritmasi (asosan narkoz uchun) venaga yoki muskul orasiga yuboriladi, huqna qilinadi. Barbituratlar anesteziologiyada bemorni narkozga tayyorlash uchun qoʻllaniladi (narkotik, ogʻriqsizlantiruvchi moddalarning taʼsirini kuchaytiradi). Barbituratlar uzoq ishlatilganda organizm ularga oʻrganib qolishi mumkin (q. Giyohvandlik).