BARANOVSKIY Yevgeniy Nikolayevich

BARANOVSKIY Yevgeniy Nikolayevich [1907.15(28).3, Orenburg – 1981.5.9, Moskva] — balet artista, baletmeyster. Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan sanʼat arbobi (1955). Dastlab sirkda akrobatlik qilgan. 1929 — 39 y. larda Toshkent opera va balet teatrida raqqos, ayni vaqtda Ye. Obuxovadan mumtoz raqs, Usta Olim Komilov, M. Turgʻunboyevadan oʻzbek raqsini oʻrgangan. 1939 — 48 y. larda Navoiy teatri baletmeysteri. Baranovskiy Oʻzbek Davlat filarmoniyasi (1949 — 56) va Muqimiy teatrida (1956 — 68) bosh baletmeyster. Bir qancha balet va musiqali dramalar raqslarini sahnalashtirgan. Uning «Baliqchi», «Oq oltin», «Mirzachoʻl», «Paxtakor» kabi estrada raqslari xam mashhur. 1939 — 43 y. lar M. Turgʻunboyeva b-n hamkorlikda «Paxta», «Xorazm raqsi», «Askarlar», «Tanavor» kabi raqslarni yaratgan.