BANYAN

BANYAN, banian — fikuslar turkumiga kiradigan ikki tur daraxtning nomi; 1) bengal fikusi (Ficus bengaiensis) — yer bagʻirlab oʻsadigan bahaybat daraxt. Urugʻini, odatda, qushlar tarqatadi. Bunda biror boshqa daraxtga tushib qolgan urugʻdan epifit holda rivojlanadigan oʻsimlik paydo boʻladi. Banyanning ingichka tanasi koʻpdan-koʻp havo ildizlari hosil qiladi. Ular pastga qarab tez oʻsadi va tuproqqa oʻrnashgan qismi shoxlanib ketadi. Bunday ildizlar yoʻgʻon ustunlarga aylanadi. Daraxtning shox-shabbasi ham juda oʻsib ketadi. Shunday qilib, bir dona urugʻdan katta chakalakzor paydo boʻladi. Kalkutta botanika bogʻida oʻsayotgan 150 yoshdagi Banyan shox-shabbasining aylanasi 300 m, ustunsimon ildizlarining soni 300 dan ortiq kelardi; 2) avliyo fikus (F. religiosa), bu ham bahaybat daraxt boʻlib, shoxlaridan chiqadigan havo ildizlaridan rivojlanadi. Ildizlari gʻoyat katta shoxshabba uchun tayanch boʻlib xizmat qiladi. Aksari epifit emas. B. Hindistonda oʻsadi. Mevasi yeyiladi. Banyanning yosh novdalarida qimmatbaho smola — shellak hosil boʻladi.