BANORAS

BANORAS (Varanasi) — Hindistonning Uttar-Pradesh shtatidagi shahar. Gang daryosi irmoqlari boʻlmish Varan va Asi oraligʻida (nomining kelib chiqishi shundan), hindlarning diniy markazi va ziyoratgohi. Aholisi 926 ming kishi (1991). Qadimda Kashi va taxm. 10 — 12-a. dan Varanasi deb atalgan. Shim. Hindistondagi muhim transport yoʻllari tuguni. Banorasda hindu va buddaviylarning 1500 ga yaqin ibodatxonasi bor, baʼzilari oʻrta asr meʼmoriy yodgorliklari hisoblanadi. Banoras 7 – a. da ilmu fanning yirik markazlaridan biri boʻlgan. Shaharda Jay Singh qurdirgan (1700) rasadxona bor. B. 18-a. ning boshida ingliz OstIndiya kompaniyasining tasarrufiga oʻtgan. Mamlakatning tarixiy, madaniy va diniy markazi. Banorasda koʻp tillarda badiiy, siyosiy, ilmiy adabiyotlar nashr etiladi. Hind tilidagi kitoblarning yirik kutubxonasi bor. Oʻtgan asrlarda fors va arab tillarida chiqarilgan asarlar Turkistonga ham tarqalgan. Ipgazlama, oyna, poligrafiya, oziq-ovqat, kimyo korxonalari; teplovoz z-di bor. Banorasda shoyi ishlab chiqariladi; tilla va kumush iplardan zarbofkimxob matolar, zargarlik buyumlari tayyorlashda Sharq mamlakatlarida mashhur boʻlgan. Turkistonda maʼlum boʻlgan banoras gazlamasi xam oʻsha yerda toʻqilgan. Un-t bor. «Shiva oltin ibodatxonasi» (1750y . lar), 16 — 19 – a. larning mahobatli saroylari (shu jumladan «Man-Mandir», 1600-y.) saqlangan.