BALGʻAM KOʻCHIRUVCHI DORILAR

BALGʻAM KOʻCHIRUVCHI DORILAR — yoʻtalganda balgʻam koʻchishini osonlashtiruvchi dori moddalar. Ular bronxlar shilliq pardasi bezlari faoliyatini oshiradi yoki bronxlarning muskullari qisqarishini va nafas yoʻllaridagi epiteley faoliyatini kuchaytiradi. Balgʻam koʻchiruvchi dorilar bevosita va bilvosita taʼsir etuvchi dorilarga boʻlinadi.

Bevosita taʼsir etuvchi Balgʻam koʻchiruvchi dorilarga oʻzining ishqorlik xususiyati tufayli balgʻamni yumshatishga yordam beradigan natriy bikarbonat (ichimlik soda), ichilganda bronxlar shilliq pardasi bezlariga taʼsir etib, balgʻam koʻchiradigan terpengidrat hamda baʼzi efir moylari (mas, anis moyi va b.) kiradi. Bu dorilar ingalyatsiya qilinganda (suv bugʻi bilan nafas yoʻllariga yuborilganda) ham, ichilganda ham balgʻam yumshatishga kor qiladi.

Bilvosita taʼsir etadigan Balgʻam koʻchiruvchi dorilarga baʼzi dorivor oʻsimliklardan olinadigan moddalar (mas, termopsis oʻsimligi damlamasi, quruq termopsis ekstrakti va b.) kiradi. Bu moddalar faqat ichilganda kor qiladi. Balgʻam koʻchiruvchi dorilar asosan yoʻtalib, balgʻam koʻchishi qiyin boʻlgan oʻpka kasalliklarida (zotiljam, bronxit va b.) ichiladi. Har qanday hollarda ham Balgʻam koʻchiruvchi dorilarni vrach ruxsati b-i ichish lozim. Aks holda turli asoratlarga sabab boʻlishi mumkin.