BALLADA

BALLADA (frans. ballade, soʻnggi lot. ballo — raqsga tushaman) — 1) 14 — 15-a. lar fransuz adabiyotidan qatʼiy oʻrin olgan lirik janr (F. Viyon); 2) ingliz xalq poeziyasida liro-epik janr va romantizm poeziyasidagi ayni shunday janr (R. Berne, G. Byurger, I. V. Gyote va b.). Romantik Ballada fantastika, folklor, afsonaviytarixiy, maishiy mavzudagi syujetga ega sheʼriy asardir. 20-a. da Ballada qatʼiy janr sifatida oʻz qimmatini yoʻqotadi (B. Brext, N. S. Tixonov va b. ning ayrim sheʼrlari bor xolos). Ballada janridagi asarlar namunalari oʻzbek mumtoz adabiyoti (Sayfi Saroyi — «Suxayl va Guldursun»; Alisher Navoiy — «Xotami Toyi») va zamonaviy adabiyot (M. Shayxzoda — «Sulh daraxti»; Shuhrat — «Mardlik afsonasi»; H. Olimjon — «Jangchi Tursun»; Gʻ. Gʻulom — «Suv va nur»)da ham uchraydi; 3) (musiqada) — B. 12 — 13-a. larda trubadur va truverlar ijodining asosiy janri sifatida keng rivoj topdi. Uygʻonish davrida uning polifonik turlari yuzaga keldi (Gilyom de Masho). Musiqiy romantizm uslubida Ballada syujet (muayyan mavzu)li musiqa janri sifatida kamer-vokal (asosan, Avstriya va Germaniya kompozitorlari ijodida — F. Shubert, R. Shuman, F. List, I. Brams, X. Volf) va kamer-cholgʻu (asosan, fortepiano uchun: F. Shopen, E. Grig va b.) asarlarida oʻz ifodasini topdi. Oʻzbekiston musiqasida Ballada koʻproq qahramonlik yoki ishqiyqahramonlik, falsafiy talqinga ega (D. Zokirov, I. Akbarov, D. Saydaminova). M. Burhonovning xonanda va simfonik orkestr uchun «Ishq Oʻti» B. si (1939, Mashrab gʻazali) mazkur janrning Oʻzbekistondagi ilk namunasidir. Balladaning muayyan xususiyatlari boshqa janrlarga singdirilganligi sababli bunday asarlar qoʻshma nomlar bilan ham ataladi (mas, B.-poema, Ballada simfoniya va b.).