BALIQCHI TUMANI

BALIQCHI TUMANI — Andijon viloyatidagi tuman. Viloyatning shim.gʻarbiy qismida. 1926-y. 29 sent. da tashkil etilgan. Namangan viloyatining Norin tumani va Andijon viloyatining Izboskan, Shahrixon, Oltinkoʻl, Boʻz, Ulugʻnor tumanlari bilan chegaradosh. Mayd. 0,34 ming km2. Aholisi.41,6 ming kishi (2000). Baliqchi tumanida 9 qishloq fuqarolari yigʻini (Alimbek, Baliqchi, Boʻston, Guliston, Oxunboboyev, Siza, Xoʻjaobod, Eski Haqqulobod, Oʻrmonbek) bor. Markazi — Baliqchi qishlogʻi.

T a b i a t i . Tuman hududi tekisliklardan iborat. Yanv. ning oʻrtacha t-rasi —4°, iyulniki 26°. Yiliga oʻrtacha 195 — 210 mm yogʻin tushadi. Vegetatsiya davri 235 kun. Tuman hududidan Qoradaryo, Mazgilsoy, Chinobodsoy va Katta Andijon kanali oqib oʻtadi. Tuprogʻi oʻtloqi boʻz, kuchsiz shoʻrlangan tuproq. Oʻsimliklardan shoʻra, shuvoq, momaqaymoq, qamish, mingdevona, yantoq, ajriq, yulgʻun, oqbosh, otquloq, qirqboʻgʻin, gʻumay, qoʻypechak, yalpiz oʻsadi. Echkemar, toshbaqa, tulki, quyon, ilon, kaltakesak, qushlardan laylak, oʻrdak, chumchuq, soʻfitoʻrgʻay, qargʻa, musicha yashaydi.

Aholisi, asosan oʻzbeklar; ruslar, tatarlar, tojiklar, uygʻurlar va b. ham yashaydi. 1 km2 ga 416 kishi toʻgʻri keladi.

X oʻ j a l i g i. Tuman, asosan, paxtachilik va gʻallachilikka ixtisoslashgan. Tumanda 6 sanoat korxonasi bor: Baliqchi notoʻqima matolar i. ch. aksiyadorlik jamiyati, Alisher Navoiy nomidagi Interneyshnl Oʻzbek-Amerika qoʻshma korxonasi, Chinobod paxta tozalash aksiyadorlik jamiyati, Baliqchi notoʻqima matolar ishlab chiqarish aksiyadorlik jamiyati korxonasining ip oʻrash sexida sport buyumlari i. ch. aksiyadorlik jamiyati, Baliqchi non i. ch. aksiyadorlik jamiyati, «Baliqchi tongi» aksiyadorlik jamiyati. 2 mexanizatsiyalashgan Koʻchma aksiyadorlik jamiyati boʻlib, biri suv inshootlari qurish va yangi yerlarni oʻzlashtirish bilan shugʻullanadi, ikkinchisi xoʻjaliklararo qurilish boshqarmasi. Boʻrdoqchilik bazasi, Baliqchi va Chinobod mashina traktor parklari mavjud. Tumanda Baliqchi matlubot aksiyadorlik jamiyati, Chinobod matlubot aksiyadorlik jamiyati faoliyat koʻrsatadi. Tumanda 1 ta qoʻshma korxona, mingdan ortiq kichik va xususiy korxona mavjud. Bulardan eng mashhurlari: «Muhammad» savdo va i. ch. firmasi, «Nargiz» firmasi, «Navroʻz — 9» savdo i. ch. firmasi, Chinobod fermer xoʻjaligi.

Xoʻjaliklar chorvachilik, bogʻdorchilik, pillachilik, polizchilik, sabzavotchilik va sholikorlik bilan shugʻullanadi. Q. x. da sugʻoriladigan yerlar 23,0 ming ga, ekinzorlar 19,0 ming ga, shu jumladan 11,3 ming ga yerga paxta, 6,0 ming ga yerga bugʻdoy, 0,3 ming ga yerga sabzavot, 0.05 ming ga yerga kartoshka, 1,3 ming ga yerga yem-xashak ekinlari ekiladi. Baliqchi tumanida 19 jamoa va shirkat xoʻjaligi, 525 fermer xoʻjaligi bor. Xayrixon Ergasheva nomidagi, «Chinobod», «Paxtakor», «Oʻzbekiston». A. Moʻminov nomidagi. «Boʻston», Ulugʻbek nomidagi shirkat xoʻjaliklari tumandagi yirik va mashhur xoʻjaliklardir.

Baliqchi tumani 2000 i. da qariyb 40 ming t paxta, 45 ming t dan ziyod bugʻdoy topshirib, shartnoma rejasini ortigʻi bilan bajardi.

Tuman jamoa va shaxsiy xoʻjaliklarida 37,9 ming qoramol, 26,7 ming quy va emki, 70,1 ming parranda boqiladi. Yaqin t. y. stansiyasi — Haqqulobod (tuman markazidan 29 km). 1999/2000 oʻquv Hayrixon Ergasheva nomidagi shirkat xoʻjaligining paxta dalalarida yilida 52 umumiy taʼlim maktabi boʻlib, 32,7 ming oʻquvchi, 1 gimnaziyada 252 oʻquvchi, 1 akademik litseyda 207 oʻquvchi, 1 maxsus maktab-internatda 250 oʻquvchi, 2 kollejda 1200 oʻquvchi, 1 iqtisodiyot litseyida 251 oʻquvchi taʼlim oldi. Madaniyat saroyi, markaziy kutubxona, musiqa maktabi, 50 ommaviy kutubxona, 13 madaniyat uyi, ijodkorlar uyi, 2 koʻchma klub, 740 oʻrinli 4 kasalxona va dispanser, 10 qishloq ambulatoriyasi, 42 tibbiyot punkti boʻlib, ularda 250 vrach, 1996 nafar oʻrta maʼlumotli tibbiy xodim ishladi (2000). 1932-y. dan «Gʻalaba» tuman gazetasi chiqadi (adadi 3000).