BALANOGLOSSLAR

BALANOGLOSSLAR (Balanoglossus) – ichak bilan nafas oluvchilar sinfiga mansub chala xordalilar urugʻi. Gavdasi chuvalchangsimon, uchta qismdan — xartum, yoqa va tanadan iborat, uz. 2,5 m ga yetadi. Boshlangʻich xordasi va nevrotseli boʻladi, lekin tuzilishi haqiqiy xordalilardan farq qiladi. Balanoglosslar dengizning uncha chuqur boʻlmagan joylarida qumga koʻmilib yashaydi. Uzun muskulli xartumi qumni kavlab kirib olishga yordam beradi. Gavdasining xartumdan keyingi yoqa deb ataladigan qismi halqa shaklida tanasini oʻrab oladi. Gavdasi sirtdan bir qavat kiprikli epiteliy bilan qoplangan. Epiteliy ostida tashqi halqasimon va ichki boʻylama muskullar joylashgan. Ogʻiz teshigi qorin tomoniga Xartum b-n yoqa oʻrtasiga ochiladi. Balanoglosslar suv tubidagi balchiqni yutib, undagi organik qoldiqlar va mayda organizmlarni ajratib olib oziqlanadi. Bir necha turi maʼlum. Shim. va Uzoq Sharq dengizlarida 3 turi tarqalgan.