BALANIT

BALANIT, balanopostit (yun. balanos — jinsiy olatning bosh qismi; itis; balanoposthitis) — jinsiy olat (zakar) bosh qismi terisi (balanit) va chekka kertmagi ichki qavatining yalligʻlanishi (balanopostit). Koʻproq bolalarda olat boshi qisilib, chiqmay qolgan hollarda kuzatiladi (q. Fimoz). Birlamchi va ikkilamchi Balanit uchraydi. Olat chekka kertmagining kambar boʻlishi, unda siydik tomchisi yoki smegma toʻplanib qolib, unga mikroblar tushishi, shuningdek uretrit, qand kasalligi va b. natijasida vujudga kelishi mumkin. Soʻzak, zaxm asoratlari, fimoz ham Balanitga sabab boʻladi. Olat boshi sohasi shishib, qizaradi, maddalaydi, achishish, qichishish alomatlari paydo boʻlib, bu ayniqsa bemor siygandan keyin zoʻrayadi. Lohaslik, bosh ogʻrigʻi, haroratning koʻtarilishi, baʼzan chov sohasidagi limfa tugunlarining kattalashishi kuzatiladi. Balanitning oddiy, diabetik, gangrenoz, halqasimon, eroziyali, yiring-yarali xillari bor. Kasallikning ilk alomatlari paydo boʻlganda, darhol urolog-vrachga (siydik aʼzolari mutaxassisi) uchrashish zarur. Kasallikning kechishi va xiliga qarab davo tayinlanadi, asosan yalligʻlanishga qarshi dorilar (antibiotiklar, dezinfeksiyalovchi eritmali vanna va b.) buyuriladi. Ogʻirroq hollarda jarrohlik usuli qoʻllaniladi. Balanitning oldini olish uchun oʻgʻil bolalar gigiyena qoidalariga amal qilishlari, agar fimoz boʻlsa, oʻz vaqtida davolatishlari lozim.