BAL RAQSI

BAL RAQSI — ommaviy koʻngil ochishga moʻljallangan raqs kechalari (bal)da ikki yoki undan ortiq juftliklar ijro etadigan raqs. Bal raqsi 14-a. da Italiyada yuzaga kelgan. Bal raqsining nazariy qonun-qoidalari shu yerda shakllangan, keyinchalik Fransiyada keng tarqalgan. 14 — 16-a. larda Italiya va ayniqsa Fransiyada branl, volta B. r. lari mashhur boʻldi. 17-a. dan butun Yevropa boʻylab keng tarqaldi. Har bir mamlakatda oʻziga xos yoʻsinda shakllandi va turli koʻrinishlarda boyib bordi. Xalq orasida burre, gavot, allemanda, menuet chakonna, jiga, sarabanda turlari ommalashdi. 18-a. ga kelib paspye, myuzet, rigodon, kontrdans, ekossez, lendler kabi erkin raqslar keng yoyildi. 19-a. da tampet, mazurka, polonez, matredur, kadril, lensye, landler, galop, kankan, polka, turli koʻrinishdagi valslar va b. ritmik tarzda rivojlandi. 19-a. oʻrtalaridan vals eng mashhur Bal raqsiga aylandi. 20-a. dan Amerika va Yevropa Bal raqsi (boston, fokstrot, tango, charlston va b.) urf boʻldi. Oʻzbekistonda Bal raqsi Rossiya taʼsirida 19-a. oxirlaridan ijro etila boshlagan. Hoz. kunda Bal raqsi madaniyat saroylari (mas, Aviasozlar madaniyat saroyi), havaskorlik toʻgaraklari va b. joylarda, shuningdek professional (raqqosa)lar tomonidan ijro etilib kelinmoqda.