BAKTERIURIYA

BAKTERIURIYA (bakteriyalar va yun. shop — siydik) — siydikda bakteriyalar boʻlishi; buyrak va siydikning yalligʻlanish kasalliklari, shuningdek ich terlama, brutsellyoz, leptospiroz va b. yuqumli kasalliklarda kuzatiladi. Chin va soxta boʻladi. Chin Bakteriuriyada mikroblar siydik yoʻllarida koʻpayib turadi. Soxta Bakteriuriyada mikroblar qondan siydikka oʻtadi-yu, koʻpaymay chiqib ketadi. Yuqoridagi kasalliklarda bakteriyalar qondan siydikka oʻtadi. Siydik chiqarish kanali (uretra)da doim mikroblar boʻlganligi uchun sogʻlom kishilar siydigidan ham koʻpincha bakteriyalar topiladi. Bakteriuriyani aniqlash uchun siydik maxsus muhitlarda undiriladi, choʻkmasi mikroskopda koʻzdan kechiriladi. Ich terlama, brutsellyoz, rikketsioz, leptospiroz bilan ogʻrigan kishilarning siydigi bilan bakteriyalar chiqishi tevarak-atrofdagi kishilarga kasallik yuqishi xavfini tugʻdiradi.