BAKTERIOLIZ

BAKTERIOLIZ — bakteriyalarning antitelolar, bakteriofaglar, lizotsim, antiseptiklar, ximioterapevtik moddalar, autoliz taʼsirida erishi, immun reaksiyalarning bir turi. Bakterioliz bakteriya hujayrasi devoridagi peptidoglikon va sitoplazma membranasining yemirilishidan iborat. Spetsifik (bakteriofaglar, bakteriolizinlar, lizotsim taʼsirida) va nospetsifik (ayrim gidrolitik fermentlar, fizik va kimyoviy omillar ishtirokida) Bakterioliz farq qilinadi. Bakterioliz odam va hayvonlar organizmida mikrobga qarshi antitelolar taʼsirida roʻy beradi. Bu jarayon bakterioliz reaksiyasi deb atalib, lab. sharoitida ham qoʻllaniladi. Oldindan tayyorlab qoʻyilgan maʼlum immun zardob vositasida kasallik mikrobini aniqlash mumkin. Reaksiya oqibatida mikrob hujayrasining yuzasidagi moddalar parchalanib, ichidagi mahsulot atrof muhitga ajralib chiqadi. Bu reaksiyadan asosan organizmda mikrobga qarshi (mas, vabo kasalligida) antitelolar hosil boʻlish jarayonini oʻrganishda foydalaniladi.