BAYRAMALI

BAYRAMALI — Turkmanistonning Mari viloyatidagi shahar (1931-y. dan). T. y. stansiyasi. Aholisi 46 ming kishi (1999). Paxta tozalash, oziq-ovqat sanoati korxonalari bor. Qurilish materiallari ishlab chiqariladi. Buyrak kasalliklari uchun iqlimiy kurort. Yozi issiq, quruq, oʻrtacha t-rasi 30° dan yuqori, bir yil ichida quyoshli kunlar koʻp (qariyb 290 kun). Qishi yumshoq. Oʻrtacha yillik namlik 50% (yozda 25%). Yiliga 130 mm yogʻin tushadi. Bayramali yaqinida qad. Marv xarobalari saqlangan. Bayramalidan 28 km shim. da Xudoynazar avliyoning paxsadan ishlangan maqbarasi (12-a. boshi) bor. Bayramali yaqinidan tabiiy gaz chiqariladi.