BAYDARKA

BAYDARKA — xipcha yengil qayiq. Eshkaklari ilgaksiz. Rul bilan boshqariladi, rul oyoqda buriladi. Sport B. si — yaxlit yogʻoch yoki plastmassa qoplamali, turist Baydarkasi — yogʻoch, metall yoki plastmassadan yigʻma qobirgʻali qilib yasalib, suv oʻtkazmaydigan material qoplangan boʻladi. Turist Baydarkasi yigʻma holda koʻpincha 2 ta qopga jo boʻlib, ogʻirligi 27 — 50 kg keladi. 180 — 350 kg gacha yuk koʻtara oladi. Tinch suvdagi poygaga moʻljallangan sport Baydarkasi yupqa fanerdan yasaladi. Baydarka usti paluba bilan yopilib, 1, 2, 4 nafar eshkakchi uchun lyuklar ishlangan boʻladi. Bir eshkakchi uchun moʻljallangan Baydarkaning uz. 5,2 m, kengligi 51 sm, ogʻirligi 12 kg; ikki eshkakchi uchun moʻljallangani — 6,5 m; 55 sm; 18 kg; toʻrt eshkakchi uchun moʻljallangani — 11 m; 60 sm; 30 kg. Sportchilar ikki kurakli eshkakni oqimga qarab oʻtirgan holda eshadilar (q. Baydarka va kanoeda eshkak eshish). B. da poygalar erkaklar oʻrtasida 1936-y. dan, ayollar oʻrtasida 1948-y. dan olimpiya musobaqalari dasturiga kiritilgan.