BAZIDIYALAR

BAZIDIYALAR (yun. basidon — asos) — bazidiyali zamburugʻlarning spora hosil qiladigan organlari; dikariot giflar uchida ikki yadroli hujayralardan hosil boʻladigan toʻgʻnogʻichsimon bitta (xolobazidiya) yoki toʻrtta (fragmobazidiya) hujayradan iborat. Rivojlanishiga koʻra xalta (ask)ga oʻxshab ketadi. Bazidiyalarda jinsiy jarayon sodir boʻladi, yaʼni dikarionlar yadrolari qoʻshiladi va diploid yadro reduksion boʻlinadi, soʻngra 2 — 4 ta bazidiosporalar shakllanadi. Bazidiosporalar Bazidiyalardan tashqarida hosil boʻlishi bilan askosporalardan farqlanadi. Bazidiosporalar qulay muhitga tushgach yangi mitseliy hosil qiladi.