BAYOT

BAYOT — 1) Oʻn ikki maqom tizimidagi muayyan shoʻbalar nomi (mas, Navroʻzi Bayot, Bayoti Ajam); 2) Shashmaqomda Navo, Xorazm maqomlarida Navo va Dugoh maqomlari tarkibidagi shoʻbalar. Asosiy pardalar tovush qatori re ioniy – fa ioniyga toʻgʻri keladi. Shashmaqomning Navo maqomi tarkibida Talqini Bayot (taronasi b-n), Nasri Bayot (taronalari b-n) va Ufori Bayot shoʻbalaridan tashqari cholgʻu qismlardan Muxammasi Bayot mavjud. Bayot kuyi asosida yaratilgan namud esa bir necha koʻrinishlarga ega boʻlib, Navo maqomi tarkibidagi shoʻbalarning avjlarida keng qoʻllaniladi; 3) Toshkent-Fargʻona maqom yoʻllarida besh qismli yirik ashula turkumi. Ularning parda tuzilishi Shashmaqomdagi Bayot shoʻbalarining aynan oʻzidir. Bayot qismlari bir-biridan, asosan usul jihatdan farqpanadi va mustaqil nomlarga ega emas. Bayot — Saraxbor, Bayot — Tarona, Bayot — Savt, Bayot — Talqincha, Bayot — Soqiynoma (yoki Qashqarcha) usullarida ijro etiladi. Ular shoʻba shaklida tuzilgan boʻlib, avjlarida Navo va Bayot namudlaridan unumli foydalanilgan. Bayotning oʻziga xos yoʻli hisoblangan Hofiz Sheroziy gʻazali bilan aytiladigan Bayoti Sheroziy ham besh qismdan iborat turkumli asardir. Bastakorlar Bayot asosida koʻplab kuy, qoʻshiq va ashulalar yaratgan (Oʻyin B. i, Dutor B. i, Chapandozi B. va h. k.). Yu. Rajabiy («Layli va Majnun», «Muqanna» musiqali dramalari), V. Uspenskiy, G. Mushel («Farhod va Shirin» musiqali dramasi), M. Ashrafiy («Dilorom» operasi) va b. ijodida B. yoʻllaridan foydalangan.