BAYONQULIXON MAQBARASI

BAYONQULIXON MAQBARASI — Oʻrta Osiyo meʼmorligi noyob namunasi (14-a. oʻrtasi). Buxorodagi shayxul olam Sayfiddin Boharziy qabri yaqinida Chigʻatoy ulusi xoni Bayonqulixon qabri ustiga qurilgan. Maqbara binosi moʻjaz va serhasham. Ayniqsa peshtoqi mayda va nafis naqshga, sirkor bezaklarga boy. Ichkarisi gumbazli, sirkor bezakli ziyoratxona va kichik goʻrxonadan iborat. Ular lojuvard, feruza, oq rangli, islimiy va girih naqshli oʻymakor sopol parchinlari bilan ishlangan. Oʻrta Osiyo maqbaralaridagi mana shunday rangdor manzarali bezak uslubi Shohizinda ansambli (Samarqand)da yanada rivoj topgan. Bayonqulixon maqbarasi Amir Temur davri meʼmorligining ilk namunalaridan hisoblanadi.