BADR JANGI

BADR JANGI — Muhammad (s. a. v.) rahbarligida musulmonlarning Badr qudugʻi yaqinida (Madinadan 150 km jan.-gʻarbda) Makka qoʻshinlari bilan qilgan birinchi yirik jangi (624-y. mart). Makkadan Falastin va Suriya yerlariga olib boradigan yirik karvon yoʻli Madina yaqinidan oʻtar edi. Bu yoʻl Makka hokimlari va savdogarlari uchun katta iqtisodiy ahamiyatga ega boʻlgan. Musulmonlar bu yoʻldagi Makka karvonlarini bosib olishga, Makka zodagonlari esa karvonlarni himoya qilishga uringan. Badr qudugʻi yonida madinaliklar makkaliklarning savdo karvoniga hujum qilganlar. Manbalarda koʻrsatilishicha, jangda musulmonlar tomonidan 80 muhojir, 230 ansor, makkaliklar tomonidan Abu Jahl rahbarligida 850 kishi qatnashgan. Makkaliklar yengilgan, katta talafot koʻrgan. Makkaliklarning 50 dan ortigʻi halok boʻladi, yana shunchasi asir olinadi. Ular oʻz yoʻlboshchisi Abu Jaxddan ham judo boʻladilar. Musulmonlardan faqat 14 kishi halok boʻladi.

Kuchlar nisbati kam boʻlishiga qaramay musulmonlar qozongan gʻalaba Muhammad (s. a. v.)ning mavqeini oshirib, Madina va butun Arabiston ya. o. da faol harakat boshlab yuborishiga asos soldi. Jangda katta oʻlja, jumladan 30 ot, 150 tuya, koʻp qurol, anjomlar qoʻlga kiritildi. Muhammad (s. a. v.) bu oʻljalarni jang ishtirokchilariga taqsimlagan. Islom anʼanasida oʻlja taqsimlashda oʻljaning beshdan bir qismi xalifalar xazinasiga tushishi, piyoda askarga bir hissa, otliq askarga ikki hissa berilishi ana shundan boshlangan. Keyinchalik bu shariatda qonunlashtirilgan.