BADIHA

BADIHA — xalq ogʻzaki ijodi anʼanalari asosida tuyqusdan, birdaniga aytilgan soʻz, sheʼr yoki qoʻshiq. Jahon xalqlari ijodida uchraydi. Muayyan asarni ijro yoki qayta ijro etganda ijodkorning unga kiritgan ijodiy oʻzgartishlari. Badiha sanʼatning barcha turiga xos boʻlib, tur va janrlar xususiyatiga koʻra turli koʻrinishlarda namoyon boʻladi. Badiha deganda, koʻp hollarda sheʼriy taʼbga ega, soʻzga chechan kishilarning tayyorgarliksiz, toʻsatdan, qandaydir ichki tugʻyon bilan aytgan jozibali soʻzlari, satrlari tushuniladi. Lekin har qanday Badiha yuksak tajriba va iqtidor bilan bogʻliq. Baxshilar, askiyachilar, masxarabozlar, ertakchilar sanʼatida bu yorqin namoyon boʻladi. Hatto xalq ogʻzaki ijodining ayrim janrlari toʻlaligicha Badiha asosida ijro etiladi (mas, Askiya). Xalq ijodchilari orasida Badiha sanʼati qadimdan yuksak qadrlanib kelgan. Poʻlkan, Islom shoir, Fozil Yoʻldosh oʻgʻli, Ergash Jumanbulbul oʻgʻli va b. baxshi-shoirlar, Yusufjon qiziq, Amin buva, Joʻraxon Sultonov, Abdulxay Maxsum Qozoqov va b. soʻz ustalari ijodida Badiha asosiy oʻrin tutadi. Yozma adabiyotda Badiha asosan mushoira tarzida yaratilgan. Badihalar yaratish va aytish ayniqsa Alisher Navoiy zamonida taraqqiy etgan.