BADIIY HAVASKORLIK

BADIIY HAVASKORLIK — asosiy ishdan ajralmagan holda jamoa (toʻgarak, studiya, xalq teatrlari) yoki yakka holda (xonanda, badiiy soʻz ustasi, sozanda, raqqosa, akrobat va b.) ijod qilish; xalq ijodi shakllaridan. Turkistonda faqat yirik shaharlar (Toshkent, Samarqandda, keyinchalik Andijon, Namangan, Kattaqoʻrgʻon, Yangi Margʻilon)da musiqa va drama B. h. toʻgaraklari harbiy va fuqaro yigʻinlari bilan bir vaqtda tashkil etildi. Oʻzbek xalqi umumiy madaniyatining yuksalishi, oliy va oʻrta maktablarning koʻpayishi, ommaning savodxon boʻlishi, shahar va qishloqlarda klublarning tashkil qilinishi va b. omillar tufayli rivojlandi. 20-y. lar oʻrtasida ishchi-yoshlar teatrlari, 30-y. larda drama va musiqa, keyinchalik estrada va sirk jamoalari, turli ansambllar (xalq raqsi, qoʻshiq va b.), orkestrlar paydo boʻldi. 1959-y. dan ularning eng yaxshilariga «xalq ashula va raks ansambli», «xalq teatri» kabi unvonlar berila boshladi. 1968-y. dan Oʻzbekistonning eng yaxshi Badiiy havaskorlik jamoalari xorijiy mamlakatlarga gastrolga chiqa boshladi. 70-y. larning 2-yarmi, 80-y. larda ashula va raqs, folklor-etnografik ansambllar Badiiy havaskorlik sanʼatida peshqadamlik qildi. Natijada xalq ogʻzaki ijodiyotining koʻpgina janrlari, asarlari tiklanib, sahnalar va maydonlarda ijro etildi. «Shalola» (keyinchalik B«oysun»), «Sumalak», «Nozanin», «Beshqarsak», «Doston» kabi oʻnlab xalq ansambllari oʻz sanʼatlarini xorijiy mamlakatlarda ham namoyish etishgan. Shu davrda «Paxtaoy» va «Bulbulcha» kabi bolalar ansambllari ham shuhrat qozongan. Bir qator dorbozlar guruhlari ham tashkil topgan.

Oʻzbekistonning mustaqilligi tufayli Badiiy havaskorlikda ham yangi davr boshlandi. Tarixga, maʼnaviy merosga, xalq ijodiyotiga eʼtiborning kuchayishi oʻz navbatida Badiiy havaskorlik rivojiga ham turtki berdi. Ayniqsa, milliy bayram, navroʻzning tiklanishi va mamlakat miqyosida oʻtkazilishi natijasida navroʻz bilan bogʻliq oʻyinlar, tomoshalar, marosimlar tiklandi. Bunda malakali sanʼatkorlar b-n bir qatorda Badiiy havaskorlik jamoalari, xalq ijodkorlarining xizmatlari katta boʻldi. Bu davrda estrada havaskorligi taraqqiy topdi. Xalq oʻyinlarini tiklash va yanada rivojlantirishga qaratilgan bayramlarni oʻtkazish anʼanaviy tus oldi. Folklor va etnografiya, raqs sanʼati, dorbozlik, qoʻgʻirchoq teatri, askiya, qiziqchilik va masxarabozlik yoʻnalishlaridagi jamoalarning faoliyati izchil va samarali boʻldi. Bolalarning «Tomosha» nomli oʻziga xos musiqali teatri maydonga keldi. Ayniqsa, 80-y. larda inqirozga uchray boshlagan Badiiy havaskorlik teatri qaddini rostlashga kirishdi. 1999-y. dan oʻtkazila boshlagan «Nihol» teatr sanʼati havaskorligi respublika koʻriktanlovi natijalari shundan dalolatdir.

Har yili keng nishonlanadigan Mustaqillik, Navroʻz bayramlarining katta tomoshalari dasturida Badiiy havaskorlik vakillarining ishtiroki mazkur sanʼat yoʻnalishini yanada rivojlanishida katta turtki boʻlmoqda. OʻzRda bir qancha musiqa jamoalari, ashula va raqs ansambllari, drama va havaskorlik toʻgaraklari mavjud. Bu jamoalarga (eng yirik klublarda), asosan, professional aktyor, rej., musiqachi, baletmeyster va b. rahbarlik qiladi. Ularning repertuarlari oʻzbek va jahon xalqlari dramaturglarining asarlari, qoʻshiq va raqslaridan iborat. Musiqa, xor, raqs Badiiy havaskorlik ida erishilgan katta yutuqlar turli koʻrik va tanlovlar, festivallarda namoyish etib boriladi. Oʻzbekistonda turli millat vakillarining Badiiy havaskorlik guruhdari (mas, koreys, qozoq, rus va b.) mavjud. Oʻzbekistondagi professional sanʼat jamoalari (teatrlar, ashula, raqs ansambllari va b.) oʻz safini koʻp hollarda havaskorlar hisobiga toʻldirib boradi.

Oʻzbekistonda tasviriy va amaliy sanʼat sohasida ham havaskorlik tez rivojlanmoqda. Havaskor rassom, haykaltarosh, naqqosh, oʻymakor, zarbchi, rixtagar, kulol, kashtadoʻz, zardoʻzlarning faoliyatlari sanʼat rivojiga katta hissa boʻlib qoʻshilmoqda. Kino va fotohavaskorlik jamoalari oʻz ijodlarida Oʻzbekiston tabiatini, undagi mehnat jarayonini, fan va madaniyat sohasidagi muvaffaqiyatlarni aks ettirishga in-tilmoqdalar.

Bolalar orasida Badiiy havaskorlik sanʼatning har xil turlari boʻyicha bolalar bilan sinfdan va maktabdan tashqari oʻtkaziladigan mashgʻulotlardir. Buning natijasida bolalarda badiiy-ijodiy ehtiyoj va qiziqishlar uygʻotiladi, qobiliyatlari oʻstiriladi, ularga estetik tarbiya va badiiy taʼlim beriladi. Bolalar Badiiy havaskorlik gi xalq talantlarini aniqlash va kamolga yetkazishning ilk bosqichi boʻlib, oʻquvchilarni kelgusida sanʼat sohasida professional maʼlumot olishga tayyorlaydi.