BADAYTOʻQAY DAVLAT QOʻRIQXONASI

BADAYTOʻQAY DAVLAT QOʻRIQXONASI — Amudaryoning quyi oqimida, Sulton Uvays togʻlari etaklarida, daryoning oʻng sohilida joylashgan qoʻriqxona. 1971-y. da tashkil etilgan. Mayd. 6462 ga, shundan 3975 ga toʻqay oʻrmonlari bilan qoplangan (1997). Asosiy vazifasi Amudaryo atrofi oʻsimlik va hayvonot olamini muhofaza qilish, toʻqayzorlarni ilmiy oʻrganish va b. Qoʻriqxonada 167 tur oʻsimlik (turangʻil, jiyda, tol, qamish, qizilmiya, kovul va b.), 138 tur qushlar (miqqiy, xiva qirgʻovuli, zangori kabutar, kokildor toʻrgʻay, lochin, shu jumladan oʻtkinchi qushlar), 20 turdan koʻproq sut emizuvchilar — boʻri, tulki, quyon, qobon, boʻrsiq va b., suv havzalarida bahri baliq, soxta lopatonos va b. yashaydi. Qoʻriqxonada Oʻzbekiston Qizil kitobiga kiritilgan 60 dan ortiq turdagi hayvonlar, jumladan 1975-y. da Tojikistondagi Romit qoʻriqxonasidan keltirilgan xongul (Buxoro bugʻusi) muvaffaqiyatli koʻpaytirilmoqda (2 bosh urgʻochi va 1 bosh erkak xongul 1996-y. da 90 boshga yetdi).

Qoraqalpogʻiston Respublikasining «Alohida qoʻriqlanadigan hududlar toʻgʻrisida»gi Qonuniga muvofiq qoʻriqxonaga 1993-y. 24 dek. da davlat qoʻriqxonasi maqomi berilgan.