BADAVIY

BADAVIY (arab. — sahroyi, koʻchmanchi) — Arabiston ya. o. va Shim. Afrika choʻllarida yashaydigan koʻchmanchi, yarim koʻchmanchi arab qabilalari. Badaviylar Sudan va Shim. Afrika, Markaziy Arabiston, Suriya, Iordaniya, Iroq, Misr va b. joylarda yashaydilar. Arab tarixchilari (8-a.) tuzgan shajaraga koʻra, Badaviy qabilalari ikkita asosiy guruhga boʻlingan: Jan. Arabiston, yaʼni Yaman qabilalari (banu Tayy, banu Xamdon, banu Mazhij, banu Omil, banu Juzam, banu Laxm, banu Xassan, banu Kind, banu Azd, banu Xazraj, banu Ximyar va b. qabilalar) va Shim. Arabiston qabilalari (banu Qays, banu Sulaym, banu Gʻatafon, banu Hilol, banu Qushayr, banu Murra, banu Tamim, banu Asad, banu Abdulqays, banu Bakr, banu Tagʻlib va b. qabilalar). Badaviy larda bir necha oila (beshinchi avlodgacha) birikib ahlni (bayt, faxa, xomula), koʻp sonli oila urugʻni (batn, firqa, oshira), urugʻlar esa qabilalarni tashkil etadi. Rivojlanib kelayotgan yangi ijtimoiy munosabatlar Badaviy hayotiga ham taʼsir qilib bormoqda, bu qabilalar tobora oʻtroqlashmoqda. Badaviylar oʻrtasida urugʻqabilachilik munosabatlari hoz. ham bir qadar saqlanib qolgan. Badaviylar asosan chorvachilik (tuyachilik, ayniqsa, yilqichilik va qoʻychilik), ovchilik va kirakashlik bilan shugʻullanadi. Yoʻlovchi savdogarlardan olinadigan boj ham Badaviy larning tirikchilik manbalaridan biri hisoblanadi (q. Arablar).