BAGRAM

BAGRAM, Begram — qad. Kapisa sh. (Afgʻoniston)ning xarobalari. Qobuldan 60 km shim. da joylashgan. Afgʻonistondagi fransuz arxeologik missiyasi aʼzolari (J. Aken, R. Girshman) tomonidan 1936—41 y. larda oʻrganilgan. Shahar mil. av. 1-a. da vujudga kelib, mil. 4-a. ning 2-yarmida Kobulning yuksalishi munosabati bilan huvillab qolgan. Shahar xom gʻishtdan qilingan mustahkam mudofaa devori (xarobalari saqlangan) b-n oʻralib, uning qalinligi 10 m dan ziyod boʻlgan, devorda toʻgʻri burchakli minoralar oʻrnatilgan. Qazishmalar natijasida markaziy koʻcha, turar joy binolari va qisman saroy ochilgan. Topilmalar orasida fil suyagidan ishlangan buyumlar, inson tasviri va naqshlar tushirilgan eshiklar va uy jihozlari, shuningdek mahalliy ustalar va chetdan (Hindiston, Xitoy, Suriya va b.) keltirilgan shisha va jez buyumlar ayniqsa qimmatlidir.