BAVARIYA

BAVARIYA — GFR yeri. Dunay havzasida. Mayd. 70,6 ming km2. Aholisi 11,4 mln. kishi (1991). Maʼmuriy markazi — Myunxen sh. B. mamlakatning eng baland togʻli qismida. Myunxenda iyulning oʻrtacha t-rasi 17ʻ, yiliga 935 mm yogʻin yogʻadi. Daryolari Dunay havzasiga mansub, koʻl koʻp. Hududining 1/3 qismi oʻrmon bilan band; togʻ yaylovlari bor. B. hududida germanlarning bavar qabilasi yashagan. 1070—1180-y. lar Bavariyada velf qabilasi hukmronlik qilgan. 1180— 1918-y. lar Vittelsbaxlar sulolasi idora qilgan. 1806-y. dan qirollik va Reyn ittifoqi aʼzosi. 1871-y. dan Germaniya imperiyasi tarkibida. 1945-y. dan Amerika okkupatsiya zonasi, 1949-y. dan esa GFR tarkibiy qismi.

Bavariya — industrial-agrar r-n. Elektr energiyasining yarmini GESlar beradi. Urushdan keyingi yillarda neftni qayta ishlash ( Ingolshtadt, Nyoyshtadt) va neft kimyosi sanoati bunyod etilgan (neft Marsel, Genuya, Triyest portlaridan quvurlar orqali keltiriladi). Bavariya GFR alyuminiy mahsulotining 1/3 qismini beradi (Tyoging). Sanoatning yetakchi tarmogʻi mashinasozlik: elektrotexnika, (Myunxen, Nyurnberg, Erlangen), umumiy mashinasozlik (Augsburg, Ashaffenburg), transport mashinasozligi, jumladan avtomobilsozlik (Myunxen, Augsburg, Ingolshtadt) va samolyotsozlik (Augsburg), aniq mexanika (Nyurnberg). Toʻqimachilik (Xof, Augsburg) va tikuvchilik, oziq-ovqat sanoati ham muhim oʻrin tutadi.

T. y. asosan elektrlashtirilgan. Avtomobil yoʻli koʻp, Dunay, Mayn daryolarida kema qatnaydi. Bavariyada Bavariya FA (1759-y. tashkil etilgan) va 3 ta un-t bor.