BABIRUSSA

BABIRUSSA (Babyrousa babyrussa) — choʻchqalar oilasiga mansub sut emizuvchi hayvon. Urugʻning yagona turi. Boshqa choʻchqalardan boshining kichik, quloqlarining kalta, oyoqlarining ingichka va uzun boʻlishi, kalta dumining uchida popugining boʻlmasligi, orqasining juda bukchayganligi bilan keskin ajralib turadi. B. Malayya arxipelagining Sulavesi va uning atrofida joylashgan orollardagi botqoqli oʻrmonlarda, suv havzalari yaqinidagi qamishzorlarda yakka-yakka yoki kichik toʻda boʻlib yashaydi. Babirussa yaxshi suzadi, oziq qidirib, ancha keng daryolar, hatto dengiz koʻrfazlaridan ham suzib oʻtadi. Babirussani mahalliy xalq uy hayvoni sifatida boqadi, tez qoʻlga oʻrganadi. 10 yildan koʻproq yashaydi. Oʻrmonlarning kesilishi, goʻshti, terisi va qoziq tishi uchun koʻplab ovlanishi natijasida Babirussa soni keskin kamayib ketgan. U Xalqaro tabiatni muhofaza qilish kengashining Qizil kitobiga kiritilgan.