Chet tilini tez oʻrganishning beshta oddiy usuli
Chet tilini oʻrganishda sabrsizlik qilmaydigan odam kamdan kam topiladi. Kuf-suf desangu tilni oʻrganib qoʻya qolsang. Lekin bu u qadar oson ish emas, shu bilan birga, tasavvurdagiday qiyin ish ham emas.
Istalgan xorijiy tilni oʻrganishda muvaffaqiyatni taʼminlaydigan eng muhim jihat bu qobiliyat va istakdir. Qobiliyat masalasida qoʻrqmasangiz boʻladi, chunki u har bir odamda bor. 2006 yili amerikalik olim Richard Sparks oʻz tadqiqotlari bilan til oʻrganish uchun allaqanday olamshumul tugʻma isteʼdodlar kerak degan fikr asossiz ekanini isbotladi. Endi istakka kelsak. “Istak – bu minglab imkoniyatdir, xohlamaslik esa – minglab bahonadir” degan hikmatli gap juda topib aytilgan. Bir narsani aniqlab oling: siz tilni oʻrganishni istaysizmi yoki yoʻq? Agar xohishingiz jiddiy boʻlsa, quyidagi maslahat-yoʻriqlar sizga albatta yordam beradi.
Soʻzlashgichlardan foydalaning. Juda koʻp tilchi olimlar fikricha, tilni soʻzlashgichlar yordamida oʻrganish alohida soʻz va iboralarni, gap qurilishini yodda saqlab qolishga katta turtki beradi. Tilni birinchi shaxs tilidan aytiladigan tayyor jumlalar orqali oʻrganayotgan odam gaplarni shunchaki takrorlamaydi, oʻzini maʼlum holat-vaziyatlarda his etadi. Masalan, doʻkonda savdo qilish uchun kerak boʻladigan gap-iboralarni oʻrganish asnosida kishi xuddi oldi-sotdi qilayotganday sezadi oʻzini. Rossiyada ingliz tilini chuqurlashtirib oʻrgatishga ixtisoslashgan maktabda tadqiqot oʻtkazildi. Oʻquvchilar matnning birinchi shaxs tilidan aytiladigan qismini toʻqson sakkiz foizga esda saqlab qoldi. Bu tilni soʻzlashgichlar yordamida oʻrganish katta samara berishini koʻrsatadi.
Qoida boʻyicha ishlang. Mutaxassislar yangi soʻzlarni oʻzlashtirishning juda unumli usulini topdi. Kuniga 30 ta soʻz yodlaysiz, ularning 5 tasi feʼl boʻlishi kerak. Har kuni lugʻatdagi soʻzlardan alifbo boʻyicha saralab olasiz. Masalan, bugun “A” harfidagi dastlabki oʻttizta soʻz tanlansa, ertaga “B” harfidagi oʻttizta soʻz tanlanadi. Alifbo boʻyicha toʻliq aylanib chiqilgach, yana “A” harfining keyingi oʻttizta soʻzi yodlanadi. Bu odat asta-sekin tizim boʻlib shakllanadi va yodlashingiz borgan sari osonlashadi.
Ushbu usul foyda berishi uchun har kuni soʻz yodlang, dam olish kuni umuman boʻlmasligi kerak!
Sheʼr va qoʻshiqlarni oʻrganing. Eng yoqimli va samarali usullardan biri xorijiy sheʼr, qoʻshiqlarni ularning tarjimalari bilan birga oʻrganishdir. Bu usuldan foydalanib ingliz tilini uch oy ichida oʻrganib olganlar juda koʻp topiladi. Tilshunoslar bu yoʻl sheʼr va qoʻshiqlarni oʻrganuvchining oʻzi oʻgirganda ayniqsa unumli boʻlishini aytadi.
Mazmunni anglang. Xorijiy tillarni oʻzlashtirish boʻyicha tadqiqot olib boruvchi ruhshunoslar juda koʻp odamlar yoʻl qoʻyadigan bitta xatoga eʼtibor qaratdi: oʻrganuvchilar koʻpincha suxandonning gapi yoki diktofondagi suhbatni toʻliq tushunib yetish payida boʻladi. Aslida har bir tovushni ilgʻashga emas, umumiy mazmunni fahmlashga intilish kerak.
Tilning ohangini, koʻp qaytariladigan soʻzlar va gap qurilishini oʻrganishga harakat qiling. Mayda tafsilotlarga eʼtibor qaratmang.
Vaziyatni his qiling. Tilni oʻrganishga kirishgan ilk kunlaringizdanoq atrof-tevarakdagi narsalar, hodisalar va holatlarni ifoda etishga intiling. Masalan, oʻquvchi va oʻqituvchi oshxonadagi suhbatni “uyushtirish”lari mumkin. Albatta, buning uchun ovqatlanishga borish shart emas. Sinfxonaning oʻzida ular xuddi ovqatlanayotgandek muomala qiladi. Suhbat davomida oshxona anjomlari, oziq-ovqatlar va masalliqlar nomi tilga olinadi. Bir-birlaridan nimanidir uzatib yuborishni soʻrashlari mumkin.
Xorijiy tilni oʻzlashtirishning odatiy yoʻsini shunday: oldin gap-soʻzlar va iboralar esda saqlab qolinadi, ke­yin grammatika oʻrganiladi. Masalan, boshqa tilli tengdoshlari orasiga tushib qolgan bolalar chet tilini juda oson oʻrganadi. Gaplarini grammatik jihatdan ham toʻgʻri tuzadi. Chunki ular til oʻrganish jarayonida hamisha vaziyatning ichida boʻladi. Shu sabab ham tilni his qilishlari oson kechadi.
Agar til oʻrganish bilan mustaqil shugʻullanayotgan boʻlsangiz, mashgʻulotlarga har kuni yarim soat vaqt ajrating. Soʻz va iboralarni mavzular boʻyicha tasniflab oʻrganing. Tevarakda koʻrayotgan narsalaringizni ifodalashga harakat qiling. Oʻzingiz bilan gaplashishdan uyalmang.
Orif Tolib tayyorladi.
oriftolib.uz

“Irfon” taqvimida (2014 yil 4-chorak) chop etilgan.