Duduqlanish – asab kasalligimi?!
Duduqlanish bu nutqning tempi, ravonligi, harakatining buzulishi bo‘lib, nutq apparatining turli hil joyidagi tutqanoq natijasida kelib chiqadigan buzulishdir.
Duduqlanayotgan bolada biz nutqning to‘xtab qolishi yoki nutq davomida ayrim tovushlarni bir necha bor qaytarib borishini kuzatishimiz mumkin.
Duduqlanish ko‘pincha ikki yoshdan besh yoshgacha bo‘lgan bolalarda uchraydi. Bolaga o‘z vaqtida yordam berish uchun duduqlanishning eng asosiy alomatlarini ota-onalar vaqtida ko‘ra bilishlari lozim. Ular:
- Bola birdan gapirmay jim bo‘lib qoladi. Bu sukunat ikki soatdan bir kungacha cho‘zilib ketishi mumkin bo‘lib, undan keyin bola duduqlanib gapirishni boshlaydi. Agar ayni shu paytda mutaxassisga uchrashsangiz bolaga tez yordam berish mumkin bo‘ladi;
- Ayrim so‘zlar oldida kerakmas tovushlarni ishlatadi («a» va «i» tovushlari);
- Birinchi bo‘g‘inlarni yoki butun so‘zlarni gap oldidan qaytaradi;
- So‘z yoki gapni o‘rtasida majburan to‘xtab qoladi;
- Gap boshlashdan oldin qiyinchilik sezadi.
Duduqlanish paydo bo‘lishiga turli sabablar turtki bo‘lishi mumkin. Kuchli infeksion kasalligi, qattiq cho‘chib ketishi yoki doimiy ravishdagi bolaga yomon va qo‘pol muomaladan kelib chiqadi. Yashash sharoitidagi yomon tomonga o‘zgarishlar ham duduqlanishga olib kelishi mukin. Ayrim bolalarda esa duduqlanish ota-ona tomonidan doimiy ravishda bolaga qo‘yilgan o‘qish, yodlash, qaytarish, o‘rganish kabi talablarning ko‘pligidan ham kelib chiqadi.
Kech gapirgan bolalarda ham uch yoshda birdan ko‘p gapirishni boshlab yuborsalar duduqlanish holatlari uchrab turadi.
Bu sabalarni bilish ota-onaga o‘z bolalariga duduqlanish alomatlarini vaqtida bartaraf etishga yordam beradi. Bolani o‘z vaqtida mutaxassislarga ko‘rsata olishda qo‘l keladi.
Duduqlanish asab tizimiga bog‘liq bo‘lgan muammo bo‘lgani uchun :
- Duduqlanaydigan bolaga alohida e’tibor, tinch oilaviy sharoit va oilada to‘g‘ri qo‘yilgan nutqni ta’minlash lozim.
- Bolalarga juda ko‘p kitob o‘qish yaxshi emas. Ayniqsa o‘z yoshiga mos bo‘lmagan kitoblarni o‘qish mumkin emas.
- Televizorni ko‘p ko‘rishni ruxsat bermang, ayniqsa yoshiga mos kelmagan dasturlarni umuman ko‘rsatmaslikka harakat qiling.
- Bolani haddan tashqari erkalab yuborish kerak emas, aks holda bolaga arzimagan «YO‘Q» so‘zingniz ham asab tizimiga qattiq zarar yetkazishi mumkin.
- Bolaga qo‘yilgan talablar uning yoshiga mos bo‘lishi lozim.
- Bolani qo‘rqitish mumkin emas, ayniqsa bir o‘zini qorong‘i xonaga qoldirib jazolash bola asab tizimiga yomon ta’sir qiladi.
- Duduqlanayotgan bolalarni yaxshi ravon gapiradigan bolalar bilan muloqotga kiritish lozim.
- Ashula etish o‘yinlarini o‘ynash lozim.
- Duduqlanayotgan bolalarni hamma oldida javobga chaqirish noto‘g‘ri.
- Bunday bolalarda o‘ziga ishonch hisini tug‘dirish lozim.
- Duduqlanadigan bolalarni musiqa, qo‘shiq kuylash va raqsga tushish to‘garaklariga olib borish lozim.
- Duduqlanadigan bola doim sizning ya’ni ota-onaning mehrini his etib yurishi lozim.
avitsenna.uz/duduqlanish/