Depressiya – qanday kasallik ?
Depressiya shu darajada keng tarqalganmi?
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra yer sharida depressiya bilan ro‘yxatga olinganlar soni 160.000.000 dan oshiq. Biroq, aksariyat mutaxassislar fikricha, depressiya bilan kasallangan har 3 bemorning biri vrach nazoratida turadi, xolos. Boshqa bir mutaxassislar fikricha, depressiya bilan kasallanganlar sonini aniqlash mushkul. Chunki depressiya turli xil klinik ko‘rinishda namoyon bo‘lmoqda va hamma vaqt ham tashxis to‘g‘ri bo‘lib chiqavermaydi. Buning ustiga depressiya bilan og‘rigan bemorlarning hammasi ham psixiatr yoki psixologlarga murojaat qilavermaydi.
Depressiyaning sabablari juda ko‘pmi?
Depressiyaning asosiy sabablari – bular o‘tkir va surunkali ruhiy siqilishlar, ketma-ketma keluvchi muvaffaqiyasizliklar va uzoq davom etuvchi og‘ir kasalliklardir. Tashqi salbiy omillar sababli rivojlangan depressiyaga ekzogen depressiya deb aytiladi. Hech qanday sababsiz rivojlanadigan depressiyaga endogen depressiya deyiladi. Endogen depressiyalar rivojlanishida nasliy omilning o‘rni katta.
Niqoblangan depressiya nima?
Somatik simptomlar, ya’ni ichki a’zolar funksiyalari buzilishi bilan kechuvchi depressiyaga niqoblangan depressiya deb aytiladi. Nima uchun niqoblangan depressiya deyiladi? Chunki bemor depressiya bilan kasallangan bo‘lsa-da, uning shikoyatlari xuddi boshqa kasalliklarni eslatadi, ya’ni “Migren”, “Yurak og‘riqlari”, “Bo‘g‘im og‘riqlari”, “Oshqozon-ichak kasalliklari”, “Teri-tanosil kasalliklari” va h.k. Bemorni tekshirayotgan vrach bemorning kayfiyati og‘riqlar sababli tushgan deb o‘ylaydi. Aslida bemorda niqoblangan depressiya rivojlangan bo‘ladi. Bunday bemorni albatta tibbiy psixolog yoki psixiatr ko‘rikdan o‘tkazishi kerak.
Bemor ham aybdormi yoki psixolog nima qilib bera olardi?
Ba’zan bemor “Depressiya” tashxisi aniqlangandan so‘ng ham vrach yoki psixologga murojaat qilmasdan yuradi. Buning sabablari turlicha, ya’ni qarindosh-tuqqanlar, hamkasblar va qo‘ni-qo‘shnilardan uyalish, psixiatr yoki psixolog nazoratida qolib ketishni hohlamaslik, ishdan haydalish yoki ishga qabul qilinmaslikdan qo‘rqish, tuzalib ketishiga ishonmaslik, psixotrop dorilarni qabul qilishdan qo‘rqish va h.k. Aksariyat hollarda depressiya oila va ishdagi muvaffaqiyatsizliklar yoki baxtsiz voqealardan so‘ng rivojlanadi. Bunday paytlarda bemor “Shu ahvolga tushganimning sababi aniq-ku, psixolog nima ham qilib berardi, vaqt o‘tib tuzalarman” deb, davolanishdan voz kechadi. Psixolog bemorni aynan shu kabi vaziyatlardan chiqaruvchi mutaxassis ekanligini unutib qo‘yishadi yoki anglab yetishmaydi. Odatda, bunday bemorni uning yaqinlari, tanish-bilishlari psixologga murojaat qilishga undashadi. Demak, ular psixolog qabuliga majburan kelishadi. Psixolog qabulida dastlabki suhbatdan o‘tgan bemorning dunyoqarashi, aksariyat hollarda keskin o‘zgaradi va keyinchalik uning o‘zi psixolog qabuliga qatnay boshlaydi. Albatta, dastlabki suhbatning samarali tugashi psixologning mahoratiga ham ko‘p jihatdan bog‘liq.
Depressiyada qanday ruhiy-hissiy buzilishlar kuzatiladi?
Depressiyada ko‘p kuzatiladigan asosiy ruhiy-hissiy buzilishlar – bular kayfiyatning tushib ketishi, umidsizlik, g‘am-g‘ussa, doimiy xavotir, yomon voqealarni kutib yashash, aybdorlik hissi yoki o‘zini hadeb ayblayverish, qaysarlik, o‘jarlik, o‘z bilganidan qolmaslik, o‘z hayotidan qoniqmaslik va o‘zini kamsitish, atrofdagi voqealar va yaqinlariga qiziqishning yo‘qolishidir. Depressiyaga chalingan odamlarning kayfiyati kun bo‘yi o‘zgarib turishi mumkin. Masalan, ertalab kayfiyati juda yaxshi bo‘lsa, kechga yaqin uning kayfiyati umuman tushib ketadi. Ba’zi odamlarda buning teskarisi kuzatiladi.
Bosh va tanada qanday belgilar paydo bo‘ladi?
Depressiyada bosh og‘riq, bosh aylanishi, ensa va bo‘yin sohasida og‘riqlar, yurak sohasida og‘riqlar, nafas yetishmasligi, ishtaha pasayishi, qabziyat, jinsiy zaiflik, hayz ko‘rishning buzilishi, turli umumiy xolsizlik kabi belgilar ko‘p kuzatiladi. Bosh og‘riq – depressiyaning eng ko‘p uchraydigan belgisidir. Demak, doimiy tarzda boshi og‘riydigan bemorda depressiya bor-yo‘qligini tekshirib ko‘rish kerak. Bunday bemordagi bosh og‘riqni og‘riq qoldiruvchi dorilar emas, balki depressiyaga qarshi dorilar bartaraf etadi. Buni vrachlar va psixologlar esda tutishlari lozim.
Depressiyada hulq-atvor qanday buziladi?
Depressiyada hulq-atvor buzilishlari juda ko‘p uchraydi. Bular – o‘z joniga qasd qilishga intilish, biror-bir faoliyatga qiziqmaslik, kamharakatchanlik, uydan chiqmay yotaverish, yolg‘izlikka intilish, birovlar bilan muloqotdan qochish, ichkilikka yoki turli farmakologik dorilarga ruju qo‘yish.
Depressiyada xotira buziladimi?
Depressiyada xotira va fikrlash jarayoni buzilishlari ko‘p uchraydi. Parishonxotirlik, xotira pasayishi, ayniqsa eslab qolishning buzilishi juda ko‘p kuzatiladi. Fikrlar karaxtligi – depressiyaning asosiy belgilaridan biridir.
Kuchli odamlarda ham depressiya kuzatiladimi?
Depressiya odatda kuchli, maqsadga intiluvchan, biroq hissiyotga beriluvchan odamlarda ko‘p uchraydi. Ularning depressiyaga tushishdan oldingi hayoti o‘rganilganda, quyidagi xususiyatlar aniqlangan: depressiyaga uchragan shaxslarning o‘ziga xos dunyoqarashi bo‘ladi, ular atrofdagi voqealarni o‘z dunyoqarashidan kelib chiqqan holda tahlil qiladigan va hissiyotga beriluvchan shaxslardir. Ular ko‘pincha, hayotdan qoniqmay yashashadi, erishgan yutuqlari ularni qoniqtirmaydi, o‘z faoliyatiga tanqidiy munosabatda bo‘lishadi. Bu odamlar faqat marrani egallash uchun yashaydilar. Shu bilan birga boshqalar, masalan, hamkasblarining xatolarini topish va maslahat berib yurishni xush ko‘rishadi. Agar uning xatosini ko‘rsatishsa, bundan qattiq aziyat chekadi va shu odamni yoqtirmay qoladi.
Ular oilada ham, uyda ham aniq bir reja asosida hayot kechirishga odatlangan, o‘ta talabchan bo‘lishadi, bola-chaqasidan ham shunday yashashni talab qilishadi. Bu, ko‘pincha, oilaviy majoralarga sababchi bo‘ladi. Bunday shaxslar oila va ishdagi muvaffaqiyatsizliklar va musibatli voqealarni og‘ir qabul qilishadi, ichkilikka ham tez ruju qo‘yishlari mumkin. Ba’zan ularning turmushi ham beqaror bo‘ladi.
Ular yolg‘izlikni yoqtirishadi, biror bir ishni boshlashsa yoki rahbarlardan topshiriq olishsa, uni mukammal bajarishga intilishadi. Bunday odamlar arzimagan bahodan juda xursand va arzimagan koyishdan qattiq xafa bo‘lishi mumkin. Shuning uchun ham ularning jahlini chiqarish yoki kayfiyatini tushirish osondir.
“Depressiya” tashxisi qanday aniqlanadi?
Depressiya aksariyat hollarda bemorlar tomonidan ham, yaqinlari tomonidan ham, ba’zan vrachlar tomonidan ham yomon xulq-atvorning bir ko‘rinishi sifatida qabul qilinadi va shu sabablarga ko‘ra, vaqtida aniqlanmay qoladi. Psixosomatik buzilishlar bilan namoyon bo‘luvchi depressiya ham o‘z vaqtida aniqlanmay qolada va “ichki kasalliklar” tashxisi qo‘yiladi. Depressiya faqat kayfiyatning tushishi bilan bog‘liq bo‘lgan holat emas, balki bir nechta simptomlardan iborat kasallikdir. Bu kasallikni erta aniqlash va davolash muolajalarini erta boshlash bemorning depressiyadan tezda chiqib ketishiga yordam beradi.
Depresciya tashxisini qo‘yish uchun quyidagi 3 ta simptomning ikki haftadan oshiq davom etishi ham yetarlidir. Bular – kayfiyatning pasayishi, fikrlar karaxtligi va harakatga bo‘lgan intilishning yo‘qolishi.
Depressiyadan qanday qutulish mumkin?
Depressiyani davolashda dori-darmolar va psixoterapevtik suhbatlar qo‘llaniladi. Bu ikkala davolash usuli birgalikda olib borilsa, samarasi yuqori bo‘ladi. Dorilar bilan davolashdan oldin o‘tkazilgan psixoterapiya davolanish jarayonini yengillashtirsa, undan so‘ng o‘tkazilgan psixoterapiya esa depressiya qaytalanishining oldini oladi. Bugungi kunda depressiyani davolash jarayonida qo‘llaniladigan psixoterapevtik usullar juda ko‘p bo‘lib, ularning ba’zilari haqida to‘xtalib o‘tamiz.
Depressiyani psixanalitiklar davolaydimi?
Depressiya negizida ichki ziddiyatlar yig‘indisi yotadi: shaxs bir tomondan birovlarga qaram bo‘lishni xohlamaydi, ikkinchi tomondan boshqalar uni e’tirof etishini, qo‘llab-quvvatlashini istaydi. Albatta, ushbu bir-biriga zid holatlar doimiy qoniqmaslik hissini yuzaga keltiradi, ya’ni boshqalarga nisbatan qahr-g‘azab va xafagarchilik shaxsning ichki dunyosini qamrab oladi. Shu asnoda shaxsning o‘zi esa boshqalarning nazdida mehribon, odamovi va ajoyib inson sifatida tan olinishni xohlaydi. Mana shu istaklarning ro‘yobga chiqmasligi depressiya shakllanishiga turtki bo‘ladi. E’tirof etilmagan har bir xohish va istak yillar mobaynida ong ostida qo‘nim topadi va ular yig‘ilgan sayin ichki ziddiyatlar kuchaya boradi. Bunday paytlarda depressiya shakllanishi uchun kuchli stressning o‘zi kifoya. Surunkali tarzda shakllanadigan depressiya esa doimiy ruhiy-hissiy zo‘riqishlar ta’siri ostida rivojlanadi.
Psixanalitik terapiyaning asosiy maqsadi – depressiya kasalligiga chalingan bemorda ichki ziddiyatlarni to‘la ochib tashlashdan iborat. Bu terapiya, albatta, individual tarzda olib boriladi va har bir bemorda ichki ziddiyatlar sababini ochishga qaratilgan bo‘ladi. Psixanalitik terapiya bemorda katarsis, ya’ni ruhiy poklanishga erishilgunga qadar o‘tkaziladi. Ijobiy natijaga bir necha kun ichida erishish mumkin, ba’zan esa bu jarayon bir necha oyga cho‘ziladi.
Kognitiv psixoterapiya nima?
Kognitiv psixoterapiya usuli bemorda o‘ziga bo‘lgan ishonchni optimistik ruhda kuchaytirishga qaratilgan. Uning asosida ham bemorning fikrlash dunyosini ijobiy tomonga o‘zgartirish yotadi. Kognitiv psixoterapiya usullari ko‘p bo‘lib, ular maxsus adabiyotlarda batafsil yoritilgan. Bemor bilan olib boriladigan psixologik suhbatlar depressiyaning turi va og‘ir-yengilligiga qarab 10-20 seansni tashkil qiladi.
Psixolog bemorning yaqinlari bilan ham suhbat o‘tkazishi kerakmi?
Albatta! Psixolog bemorning yaqinlari bilan suhbatlar olib borishi shart. Chunki bu suhbatlar bemor haqida to‘la ma’lumotga ega bo‘lishga yordam beradi. Depressiyaga chalingan bemorni davolashda, uning yaqinlari bilan o‘zaro muloqotlar olib borish juda ahamiyatlidir. Biroq, bu muloqot teskari natija berishi ham mumkin, agar bemor bunga ruxsat bermasa. Shuningdek, psixolog bemorning yaqinlariga uning oldida o‘zlarini qanday tutish lozimligini tushuntiradi. Bu o‘ta muhim. Chunki ba’zi oila a’zolari bemor bilan birgalikda uyda motamsaro muhit yaratadiki, bu vaziyat bemorning ahvolini yanada og‘irlashtiradi va o‘z joniga qasd qilishga urinishlarni kuchaytiradi. Bemorga hadeb yonbosaverish yoki uning hulq-atvorini tanqid qilaverish ham mumkin emas. Agar bemorda suitsidal fikrlar va urinishlar kuzatilsa, uni yolg‘iz qoldirmaslik kerak. Oila a’zolari tomonidan nazorat shunday bo‘lishi kerak-ki, bemorning o‘zi buni bilmasin. Chunki hadeb bemorni qo‘riqlayverish uning joniga tegadi. Bemorning ishonchini qozongan oila a’zolari bilan ko‘chaga chiqib aylanib kelish va sayr paytida asosan bemorni so‘zlatish, uning his-tuyg‘ulariga hamdard bo‘lish yaxshi samara beradi. Bemor doimo psixolog bilan har qanday vaziyatda ham bog‘lana oladigan bo‘lishi lozim. Chunki zudlik bilan psixolog yordami kerak bo‘lib qolishi mumkin.
Depressiyani barataraf etishda dorilar yordam beradimi?
Albatta yordam beradi! Biroq ularni to‘g‘ri tanlay olish kerak. Dorilar depressiyaning barcha turlarida tavsiya etilishi mumkin. Vrach yoki psixologning bemor oldiga qo‘yadigan eng asosiy shartlaridan biri – davolanishni reja asosida olib borish va vrach tavsiyalarini so‘zsiz bajarishdir.
Depressiyani bartaraf etish uchun qo‘llaniladigan doorilarga antidepressantlar deb aytiladi. Antidepressantlar miyada kayfiyat gormoni deb atalmish serotonin miqdorini oshiradi.
Antidepressantlar bilan davolash qonun-qoidalarini keltirib o‘tamiz:
1. Bemorning o‘zi hech qachon internet yoki vrachlar uchun yozilgan kitoblardan foydalanib depressiyaga qarshi dori qabul qilishi aslo mumkin emas. Ayniqsa depressiyada dorilarni beruxsat ichish juda yomon oqibatlarga olib kelishi mumkin.
2. Vrach depressiya turi, darajasi, klinik manzarasi va bemorning somatik ahvolidan kelib chiqqan holda, aniq bir antidepressant tanlab oladi va bemorga tavsiya qiladi. Vrach uning kundalik dozasini belgilaydi va davolash sxemasini tuzadi.
3. Antidepressantlar bilan davolash davrida depressiya belgilari sekin-asta yo‘qolib borishi (odatda, 1-2 haftadan so‘ng) bemorga tushuntiriladi. Uni vrachdan bemaslahat to‘xtatib qo‘yish mumkin emasligi uqtiriladi. Antidepressantlarni bir necha oy ichish zarurligi va depressiya belgilari butunlay yo‘qolgandan so‘ng vrachning o‘zi davolashni to‘xtatish vaqtini belgilashi aytiladi.
4. Antidepressantlarni kasallik belgilari yo‘qolgandan so‘ng ham yana 2-4 oy mobaynida (ba’zan undan ham ko‘p) ichish zarurligi tushuntiriladi. Bu qoida depressiyaning yana qaytalamasligi uchun qabul qilingan.
Dorilar bilan davolash jarayonida psixoterapiya muolajalarining o‘tkazilishi bemorning depressiyadan chiqish davrini tezlashtiradi. Psixoterapevtik muolajalar paytida bemor bilan muloqotlar olib boriladi, antidepressantlarni qabul qilish bilan bog‘liq bo‘lgan muammolar yechiladi (chunki, aksariyat bemorlar 1 oydan so‘ng dori ichishni to‘xtatib qo‘yishadi), bemorda yaxshi natijalarga ishonch hosil qilinadi. Ularni erta to‘xtatib qo‘yish yoki asossiz tarzda kam miqdorda berish kutilgan ijobiy natijani bermaydi. Bemor depressiya belgilari tugaguncha doimo vrach nazoratida bo‘lishi zarur. Dorilarni to‘satdan to‘xtatish depressiyaning yana qo‘zg‘ashiga sababchi bo‘ladi.
Depressiyani davolashda antidepressantlar bilan birgalikda, fizioterapiya, nina sanchib va giyohlar bilan davolash ham keng qo‘llaniladi.
Depressiya bilan kasallangan odamning psixologik portreti qanday?
Depressiya bilan kasallangan bemorlarni uzoq yillardan buyon kuzativlarim asosida ularning psixologik portretini yaratishga harakat qildim. Chunki mening yaqin odamlarimda ham depressiya kuzatilgan va men ularni ko‘p yillar mobaynida kuzatib kelganman. Mana ularning psixologik portreti. “Ular dunyoni va atrofda bo‘layotgan voqealarni salbiy tarzda qabul qilishadi, o‘zining hayotda tutgan o‘rnini pessimistik ruhda baholashadi, o‘zini hech kimga keraksizdek his qiladi. Ular doimo xavotirda yashashadi, hech qanday faoliyatga qiziqishmaydi, atrofdagi o‘yin-kulgilar va yaqinlarining taqdiriga mutloq e’tiborsiz bo‘lishadi.
Ular doimo xo‘rsinib yurishadi va o‘zlarini doimo aybdordek his etishadi. Ularni chalg‘itish uchun biror-bir ishga majburlash mumkin, biroq uni hech qanday qiziqish va e’tiborsiz bajarishadi. Hech qanday ish ularning kayfiyati ko‘tarilishiga ijobiy ta’sir qilmaydi. Ular uyqusizlikdan aziyat chekishadi yoki faqat uyqu bosaveradi, yomon tushlar ko‘rib chiqishadi. Bu tushlar turli-tuman bo‘lib, tushida birovlarni bo‘g‘ib o‘ldirib qo‘yadi yoki pichoqlab tashlaydi, olamdan o‘tgan yaqinlari va qonli voqealar tushiga ko‘p kiradi. Bunday tushlar bemorning kayfiyatini yanada tushiradi va ahvolini og‘irlashtiradi. Ular doimo parishonxotir va karaxt bo‘lib yurishadi, o‘z joniga qasd qilishga urinishadi. Ular o‘zlarining tuzalishiga sira ishonishmaydi, davolanishga ham yaqinlarining qistovi bilan kelishadi”.
Depressiyaga ta’rif bera turib, ushbu kasallik uchun xos bo‘lgan yana bir xavfli belgini aytib o‘tish lozim, ya’ni o‘z joniga qasd qilishga intilish. Shuning uchun ham depressiya barcha davlatlarda ijtimoiy muammoga aylangan. Biroq tuzalishga intilish va kuchli iroda ularni bu kasallikdan halos bo‘lishiga katta yordam beradi. Ushbu satrlarni o‘qiyotgan hurmatli bemorlar. Siz albatta tuzalib ketasiz! Irodangizni mustahkam qiling. Axir Siz avval kuchli inson bo‘lgansiz! Ushbu kuch Sizni vaqtincha tark etgan bo‘lsa, u yana yoningizga albatta qaytib keladi. Chunki bu Sizning kuchingiz!