Kunlik parhez tarkibida bo`lishi kerak bo`lgan 10 ta yoz mevalari
Ko‘p davlatlarda yoz fasli nafaqat issiq, balki zax, nam ham bo‘ladi. Yozda tanangizdagi namlikni bir maromda ushlab turish juda muhim. Yozgi mevalarni iste’mol qilish buning eng oson yo‘lidir. Yozda pishadigan mevalar energiya zaxirasini kengaytirish, ko‘pchiligimiz yoz oylarida boshimizdan o‘tkazadigan charchoq va toliqishning oldini olish xususiyatiga ega. Ular yordamida organizmingiz namlanadi hamda issiqlik, charchoq his qilmaysiz.
Yoz davomida yeyish kerak bo’lgan eng yaxshi mevalar:
Tarvuz
Yoz bu qip-qizil va sersuv mevasiz to’liq bo’lmay qoladi. Tarvuz yoz oyida ko’p yeyish kerak bo’lgan salqinlatuvchi eng zo’r mevalardan hisoblanadi. U yangi va arzon. Faqatgina suvga boy bo’lishidan tashqari, unda A va C vitaminlari ham mo’l. Vitamin A immunitetni yaxshilash bilan birga ko’zlar uchun ham foydali. Vitamin C ham immunitetni mustahkamlash xususiyatiga ega. Tarvuz, shuningdek, vitamin B6 va kaliy elementining koni sanaladi. Kaliy tanangizdagi suvni bir maromda ushlab tursa, vitamin B6 immunitetni yaxshilaydi. Kaliy, bundan tashqari, tomirlar tortishishi – spazmning oldini olib, yurak sog’ligi uchun ham foyda beradi.
Tarvuz iste’moli quyosh nurlari natijasida terining zararlanishi oldini ham oladi. U oftob urishi holati, saraton xavfi oldini oladi.
Mango
Atrofimizda yozni faqatgina mangolar uchun sevadiganlar ko’p. Mangolar, yuqori kaloriyali bo’lishiga qaramay, ozuqa moddalarining boy manbayi ham hisoblanadi. Mangoni “mevalar shohi” deb atashlarining ham bir qator sabablari bor. Bu meva kletchatka bilan boyigan hamda unda 20 turdagi mineral va vitaminlar mavjud. Kletchatka (sellyuloza) ovqat hazm qilishda, o’zingizni doimiy to’q his qilishingizda yordam beradi. Mango vitamin A va C ga, shuningdek, kaliyga boy. Bundan tashqari, uning tarkibidagi zeaksantin pigmenti ko’zlaringizni zararli ko’k nurlardan himoyalaydi.
Papaya
Yana bir yozda yeyishli bo’lgan mevalardan papayani ayta olamiz. Siz bu mevani pishgan, pishmagan va qoqi holatida yeyishingiz mumkin. Papaya vitamin A va C, folat kislotasi va bir qancha fitokimyoviy ozuqa moddalaridan tashkil topgan.
Bu mevada oshqozon-ichak tizimi uchun foydali bo’lgan papain birikmasi ham mavjud. U yozda odamlarni ko’p qiynaydigan hazm qilish muammosi hamda bo’kish (ko’p ovqatdan)ni davolaydi. Papaya beta-karotin moddasining ham boy manbayi hisoblanadi. U teri zararlanishi oldini oladi va yallig’lanish xavfini kamaytiradi. Papaya tarkibida bir qancha antioksidantlar bor hamda ular saraton va jiddiy yurak xastaliklari oldini olishda muhim vosita. Ortiqcha vazndan qutulmoqchi bo’lganlar, ayniqsa, ayollarimiz uchun papaya – eng yaxshi tanlovdir.
Yana o‘qing: Olxo‘ri – mevalarning zo‘ri
Guava
Guava vazn tashlashga yordam beruvchi yozgi mevalardan yana biridir. Ko’pchilik guavani qattiq va ko’p urug’li bo’lgani uchun yoqtirmaydi. Agar siz shular qatorida bo’lsangiz, bu mevani sevishingiz uchun yetarli bo’lgan ma’lumotlarni bilib oling:
Guava diabetdan aziyat chekadigan bemorlar uchun juda yaxshi davo. U qondagi qand va insulin darajasini muvozanatda ushlab turishga ko’mak beradi. Bu meva eruvchan kletchatka va kaliyning yuqori kontentiga ega. Bir kunda yeyilgan bir donagina guava metabolizm (moddalar almashinuvi)ni yaxshilaydi, yuz rangi, ko’rish qobiliyati va ruhiy sog’likni ta’minlaydi. Siz, shuningdek, guavani hayz paytidagi spazmlar qiynaganda ham iste’mol qilishingiz mumkin.
Qulupnay
Qulupnaylardan juda qadimgi davrlardan beri foydalaniladi. U darmonga kirituvchi moddalari bilan sog’liqni yaxshi saqlash uchun, teri muammolari, tishni oqartirish, hazm qilish bilan bog’liq holatlarda qo’llanilgan. Ulardagi flavonoidlar va fitonutrientlar – ozuqaviy moddalar hisobiga qulupnaylarning rangi yorqin. Qulupnay mevasi sellyuloza, vitamin C va marganets moddalariga boy. Siz qulupnay yesangiz, katta miqdordagi folat kislotasi hamda kaliyga ega bo’lasiz. Kvertsetin – qulupnay tarkibidagi flavonoid yallig’lanishga qarshi davo hisoblanadi. Yozgi teri hamda sog’liq bilan bog’liq muammolarni qulupnaylar yordamida bartaraf etish mumkin.
Olxo’ri
– nutrientlar koni. Bu dumaloq mevalar tarkibidagi parhezbop kletchatka va sorbitlar qabziyat hamda boshqa hazm qilish bilan bog’liq muammolarni yengillashtiradi. Olxo’ri qon bosimi darajasini bir maromda ushlab, yurak xurujlarining oldini olish xususiyati bilan ham juda ahamiyatlidir. Olxo’ri iste’mol qilish ko’krak saratoni va 2-tur diabeti xavfini kamaytiradi. Uning tarkibidagi antotsianin ko’krak saratoniga qarshi kurashishda yordam beradi. Shuningdek, olxo’ri quyi glekemik ko’rsatkichga ega, ya’ni uni dieta paytida bemalol iste’mol qilish mumkin.
Uzum
Yozda topish eng oson bo’lgan mevalardan biri – uzumlardir. Uzumda antioksidantlar hamda kaliy miqdori juda ko’p. Agar sizda xolesterin va qondagi qand miqdori yuqori darajada bo’lsa, dietangiz tarkibiga uzumni ham qo’shavering. Uzum yuragingizni sog’lom saqlaydi. U tizzalar hamda miya sog’lig’i uchun ham yaxshi foyda beradi. Uzum, shuningdek, ko’plab virusli infeksiyalar va ko’z degenaratsiyasi (aynish, buzilish, yon tomonga og’ish) oldini oladi. U ham hazm qilishga qiynalayotganlar hamda ko’krak saratoniga chalinganlar uchun yaxshi shifo manbayi sifatida xizmat qila oladi.
Yana o‘qing: Jaziramadan saqlanish sirlari
Ananas
Eng avval, bir qiziq fakt: siz ananasning aslida meva emasligini bilarmidingiz? Ananas – asosiy poyaga birlashgan alohida-alohida mevalar (yoki urug’) to’pidir.
Ananas eng sevimli tropik mevalardan biri hisoblanadi. U yoz faslida tayyorlaydigan har bir mevali salatimizning tarkibiy qismidir. Ananas metabolizmni yaxshilash va yallig’lanishning oldini olishda yaxshi yordam beradi. U gipertoniya (qon bosimi oshishi)ni nazorat qiladi hamda ortiqcha kaloriyalar kuchini kesadi.
Litchi
Litchilar o’zining shirin va sharbatli ta’mi bilan sevimlidir. Litchi va mango faqat yozda topsa bo’ladigan yagona ikki meva sanaladi. Shu sababdan, yoz kelganidan unumli foydalanib, bu mevalarga to’yib oling. Litchi kaliy, polifenol va vitaminlarning katta manbayidir. U qon bosimi hamda organizmdagi natriy miqdorini bir maromda tutib turuvchi meva. Antioksidantlarga boy ushbu meva immunitetni ko’taradi, saratonning oldini oladi, yallig’lanishni davolaydi.
Kivi
Kivi ozuqaviy moddalarga to’la to’yingan meva hisoblanadi. Bular Vitamin A, C, B6, magniy va temir moddalaridir.
Kivi iste’mol qilish qondagi gemoglobin hamda tanadagi ishqor miqdorini muvozanatda saqlaydi. Kivi uyqu bilan bog’liq muammolarga qarshi kurashishda, hatto surunkali ichak sindromida ham yordam beradi. U yurak, teri, soch va jigar uchun foydali. Kivi qon yetishmovchiligi bo’lgan odamlarga ham eng ko’p tavsiya qilinadigan meva sanaladi.
Bular – sog’lig’ingiz uchun juda foydali bo’lgan mevalar hisoblanadi. Siz ularni kesib, bo’laklarga bo’lib yoki sharbat holida iste’mol qilishingiz mumkin. Ushbu mevalardan tayyorlangan mazali salat ham kayfiyatingizni maksimal darajaga ko’taradi, ham sog’lig’ingizni yaxshi saqlaydi. Foydali mevalar bilan yozingiz ham foydali, unumli o’tsin!
Dilruh Isomiddinova
soglom.uz/tavsiya/kunlik-parhez-tarkibida-bolishi-kerak-bolgan-10-ta-yoz-mevalari/